Breaking News

Koronavirusdan emlangan odamlar qo'shimcha dozaga muhtojmi?


So’nggi izlanish natijalariga ko’ra, ba’zi vaksinalar koronavirusning yangi va ancha yuqumli turlariga qarshi ojizlik qilmoqda. Ayrim mamlakatlarda qo’shimcha vaksina berish taklif etilmoqda. Biroq Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, mavjud vaksinalarni avval rivojlanayotgan mamlakatlarda emlanmagan odamlarga taklif etish zarur.

Xalqaro hayot – 9-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:03 0:00

"Dunyoda ko’plab zaif insonlar hali emlanmagan bir paytda vaksinalarning katta qismini ishlatib bo’lgan davlatlarning qo’shimcha emlashi to’g’ri emas”, - dedi tashkilot rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus.

Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psakining aytishicha, AQSh boshqa mamlakatlarga vaksina ulashmoqda, biroq zarur bo’lib qolsa, o’z uchun ham zaxirada vaksina ushlab turishi kerak.

"Har ikki variantga qodirmiz. Dunyoda 110 milliondan ziyod odamga vaksina xayriya qildik. Bu qolgan barcha davlatlar ulushi yig’indisidan ko’pdir. “Pfayzer”dan xarid qilingan 500 million dozani ham ulashishga kirishdik”, - dedi rasmiy.

Xitoy o’z navbatida joriy yilda boshqa mamlakatlarga vaksinaning 2 milliard dozasini ulashishini, rivojlanayotgan mamlakatlarni vaksina bilan ta’minlayotgan “KOVAKS (COVAX) dasturiga 100 million dollar xayriya qilishini bildirdi.

Bir hafta oldin Isroilda emlangan qariyalarga “Pfayzer”ning uchinchi dozasi taklif etila boshladi. Germaniya va Britaniya ham sentabrda qo’shimcha emlashni boshlamoqchi.

“Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti AQSh va Yevropada qo’shimcha dozalar global ta’minotga ta’sir qilishidan xavotirda. Teng taqsimotni ta’minlash o’ta muhimdir”, - deydi AQShdagi Nyu-Xeyven universitetidan Jessika Xolser.

“Dunyoda hatto birinchi dozani olmagan ko’plab odamlar bor. Emlangan odamlarga qo’shimcha doza berishdan oldin ayni damda butun e’tiborni mana shu odamlarga qaratish kerak deb o’ylayman”, - deydi Vanderbilt universiteti olimi Uilyam Shaffner.

“Hammaga pandemiyaning bitta ekanini – Amerikada bir turi, Afrikada boshqa turi emasligini tushuntirishimiz kerak. Pandemiya global darajada. Qo’shimcha vaksinalarni immunitet davrining qisqaligi uchun berishga majbur bo’lishyapti. Bunga esa infeksiyalanish xavfi va sur’atini tushirish maqsadida dunyo bo’ylab odamlarning tezroq emlanmayotgani sabab bo’lyapti, axir virusning yangi turlari kelib chiqyapti”, - deydi Dyuk universitetida tibbiyot olimi Krishna Udayakumar.

“Pfayzer” farmatsevtika kompaniyasi AQShning Dori-darmon va oziq-ovqat boshqarmasidan vaksinasining qo’shimcha dozasini tasdiqlashni so’ragan. Izlanishlar vaksinaning kuchi olti oydan so’ng zaiflashayotganini hamda ancha yuqumli delta shtammiga qarshi kuchsizroq ekanini ko’rsatmoqda.

Olim Shaffnerning aytishicha, qo’shimcha dozani tasdiqlasa bo’ladi, biroq hozircha bunga hojat yo’q.

“Delta shtammi AQShda keng tarqalgan, gospitalizatsiya sur’ati oshdi, biroq asosan emlanmagan odamlar orasida. Demak, vaksinalar delta shtammiga qarshi ish beryapti, odamlarni kasalxonaga tushishdan saqlayapti, vaksinadan asosiy maqsad ham shu edi”, - deydi Shaffner.

Krishna Udayakumarning aytishicha, tezkor ehtiyoj bilan o’rta va uzoq muddatdagi ehtiyojni bir-biridan farqlay bilish muhimdir.

“Uzoq muddatda vaksina ishlab chiqarishni kuchaytirish lozim. Bu borada ko’p sarmoyalar qilindi. Hozir kam va o’rta daromadli mamlakatlar, jumladan Hindiston, Senegal, Janubiy Afrikada shunday loyihalar amalga oshirilmoqda”, - deydi mutaxassis.

“Moderna” kompaniyasining bildirishicha, vaksinasining samaradorligi ikkinchi dozadan keyin ham 93 foizda turibdi va qishgacha qo’shimcha dozani berish kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG