Breaking News

Kaliforniyada COVID-19 sabab salkam 8000 mahbus ozod etilishi mumkin


AQShning Kaliforniya shtatida bir necha hafta oldin karantin yumshatilishi ketidan koronavirus bilan kasallanish holatlari kuchaya boshladi. Los-Anjeles shahar meri Erik Garsetti karantinni qaytadan joriy etish ustida o’ylanarkan, shtat qamoqxonalaridan mayda jinoyatlar bilan qamalgan, ozodlikka chiqishiga 180 kun qolgan salkam 8000 mahbus ozod etilishi mumkin. Birinchi bo’lib 30 yoshdan kattalarni qamoqxonadan chiqarish rejada.

Shu kunga qadar Kaliforniyadagi mahbuslarning taxminan 3000 nafarida COVID-19 kasalligi topilgan, kamida 10 odam o’lgan. Shtat ma’muriyati yaqinda qamoqxonalarda tibbiy ahvolni nazorat qiluvchi rasmiyni yangiladi.

“Qamoqxonalardagi vaziyat xavfli va qo’rqinchli”, deydi mahkumlardan biri.

Mahbuslarning yaqinlari qamoqxonalar oldida namoyish qilmoqda.

Inson huquqlari faollariga ko’ra, San-Kventin shahridagi qamoqxona zamonaviy talablarga javob bermaydi.

“Qamoqxona o’ta eski bo’lib, bor-yo’g’i bitta ventilyatsion tizimi bor. Qamoqxonalar ijtimoiy masofani saqlash uchun yaratilmagan”, - deydi “Hayot uchun alyans” rahbari Vanessa Nelson-Sloan.

Alyans mahbuslar sharoitini yaxshilashga da’vat etuvchi tashkilot.

“Qamoqxonaning har bir xizmatchisi niqob taqib yurishi kerak deb hisoblayman. Mahbuslarni ham niqob bilan ta’minlash zarur. Taqmasa, intizomiy huquqbuzarlik deb ko’rilishi kerak. Barcha qamoqxonalarda shundan boshlash lozim”, - deydi faol.

“Hayot uchun alyans” ayrim mahbuslarni ozod etish qarorini olqishlagan holda ba’zilarining uysiz, yolg’iz ekaniga ishora qiladi. Shtatdagi boshpanalar uysizlar bilan to’lgan ekan, ozod bo’lgan mahbuslarni pandemiya paytida bunday joylarga joylashtirish xavfli ekani aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG