Breaking News

Koronavirusdan o'lganlar soni dunyo bo'ylab 1 milliondan oshdi


Dunyoda koronavirusdan o’lganlar soni bir milliondan oshganiga qaramay, ayrim ekspertlar ba’zi joylarda o’lim sur’ati tushayotganiga ishora qilmoqda.

AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markaziga ko’ra, mamlakatda pnevmoniya, gripp yoki COVID-19 kasalliklaridan o’lganlar soni o’tgan hafta salkam 3,5 foizga qisqargan.

Britaniyada esa pandemiya avjga chiqqan aprel oyida o’lim sur’ati 6 foizdan oshiq bo’lgan bo’lsa, avgustda bu ko’rsatkich 1,5 foizga teng bo’ldi.

Oksford universitetida tibbiyot fanlari professori Martin Lendreyning aytishicha, shifokorlar koronavirus bemorlarini davolash yo’llarini ancha o’zlashtirib oldi.

“Sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan bemorlar orasida o’lim sur’atini oddiy va arzon muolaja bilan tushirish mumkinligini bilib oldik. Oldin buni bilmagan edik. Shuningdek, remdesivir preparatining ancha foydali ekanini bilib oldik. O’lim sur’atini tushirishini hozircha bilmaymiz, ammo odamlarning kasalxonada kamroq yotishiga yordam beradi bu dori”, - deydi mutaxassis.

Lendrey Britaniyada mavjud dorilarning koronavirusga qarshi samarasini o’rganayotgan yirik klinik sinovlarda ishtirok etmoqda.

“Gidroxloroxinni ba’zilar reklama qilishiga qaramay, uning kasalxonadagi bemorlarga ish bermasligi aniqlandi. VICh muolajasida ishlatiladigan lopinavir/ritonavir dorilari ham koronavirusga qarshi samarasizdir”, - deydi olim.

Mutaxassislarning bashorat qilishicha, COVID-19 ko’plab boshqa viruslar kabi yo’q bo’lib ketmaydi.

“U endemik bo’lib qoladi, demak bu virus bilan VICh yoki boshqa yuqumli kasalliklar bilan bo’lgani kabi yashashni o’rganishimiz kerak”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti maslahatchisi professor Deyvid Xeyman.

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi sobiq bosh olimi Jessi Gudman hozir Vashingtondagi Jorjtaun universitetida o’xshash lavozimda ishlamoqda.

“COVID bilan yashash oson bo’lmaydi, ammo uning ta’sirini kamaytirish yo’llarini bilib oldik. Ijtimoiy masofa ish berishini, niqob taqish o’zimizni ham, boshqalarni ham virusdan himoya qilishini bildik. Odamlarga salomatlik haqida tez-tez eslatib turish kerak”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG