23-may kuni musulmon dunyosining aksariyat qismida Iydul-Fitr yoki Ramazon hayiti nishonlanadi. Biroq pandemiya bayram ruhiga soya solmoqda.
Musulmon davlatlarda odamlarga hayitdan oldin bozor qilish uchun do’konlar ochilgan. Ba’zilar ijtimoiy masofani saqlash qoidalarini butunlay unutgan.
“Hech qisi yo’q. Hayot odatdagidek davom etishi kerak. Peshonaga yozilgani bo’ladi”, - deydi islomobodlik bir talaba.
Hayitdan oldin odatda savdo chaqqon bo’ladi, ammo pandemiya sabab bu yili ko’p savdogarlar zarar ko’rdi.
“O’tgan yili xaridorlar ko’p edi, daromad yaxshi bo’lgan. Ammo bu yili hayitni his qilganimiz ham yo’q”, - deydi qohiralik poyabzal sotuvchisi Karim Muhammad.
Ko’p mamlakatlarda hayit namozi bekor qilingan, Saudiya Arabistoni hukumati musulmonlarni uyda ibodat qilishga da’vat etmoqda.
Eronda diniy amallarni ochiq havoda ijtimoiy masofani saqlagan holda bajarishga ruxsat berilgan.
Bu yili bayram shukuhi sezilmayapti.
“Odatda hayit namozidan so’ng odamlar qarindoshlari va do’stlarinikiga mehmonga borishadi, ammo bu gal ko’plar uyda qoladi deb o’ylayman”, - deydi nigeriyalik davlat xizmatchisi Hojiya Rukoyat Usmon.
Ayrimlar hozirgi vaziyatga ijodiy yondashishga harakat qilmoqda.
“Hayit raqamli bo’ladi. Tabriklar, asosan, telefon qo’ng’iroqlari va videochatlar bilan cheklanadi”, - deydi islomobodlik Sehrish Lo’di ismli ayol.
Farzand bor oilalarda xonadonda bayramona muhit yaratish oson bo’lmaydi.
“Ularni balkonga chiqaramiz, sharlarni shishirib, bayramona muhit yaratishga harakat qilamiz”, - deydi qohiralik ota.
“Men hovlimda bayram qilaman. Odamlar hovlisida stol-stul o’rnatib bayram qilishi mumkin”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Tinek shahrining musulmon meri Muhammad Hamiduddin.
Odamlar bu yilgi hayitni hali anchagacha eslab yurishi shubhasiz.
Facebook Forum