Koronavirus pandemiyasi ayrim sohalar bilan bir qatorda professional sportchilarga ham qattiq zarba berdi. Ko’plab kichik va katta, mahalliy va xalqaro musobaqalar bekor bo’ldi, tashkilotchilar, jamoa egalari moliyaviy zarar ko’rdi. AQSh Regbi uyushmasi bankrotlik e’lon qildi. Sportchilar esa zarur ko’lamda mashq qila olmayapti.
“Sportchilar uyida qamalib o’tiribdi – na mashq qila oladi, na sport inshootlaridan foydalana oladi”, - deydi Jahon yengil atletika uyushmasi prezidenti Sebastyan Kou.
Koronavirus onalik ta’tilidan katta sportga endigina qaytgan professional tennischi Alla Kudryavsevaning rejalarini puchga chiqardi. Mart oyida bir qator yirik musobaqalar, jumladan Uimbldon turniri bekor bo’ldi.
Alla hozir Bostondagi uyida turmush o’rtog’i va qizi bilan uyda o’tirishga majbur.
“Sport formasiga kirishga qattiq harakat qilyapman. Karantin musobaqalarga yaxshiroq tayyorgarlik ko’rishim uchun qo’shimcha vaqtga imkon berdi deb o’zimni ishontirishga, umidsizlanmaslikka harakat qilyapman. Katta tanaffusdan so’ng sportga qaytish osonmas”, - deydi u.
Professional volleybolchi Joziya Bayers Gretsiyada yirik chempionat bekor bo’lganidan so’ng Kaliforniyaga qaytib ketishga majbur bo’ldi. Uyda shug’ullanishga sharoit yo’q.
“Men turgan binoda sport zali yopiq. Mashq qilishga imkon yo’q, uyda mustaqil shug’ullanyapman. Sportga juda ko’p vaqt sarflagan odamlar birdaniga uni to’xtatishga majbur bo’lib qoldi. Ba’zilar uchun so’nggi yil edi bu, ammo endi yakunlay olishmaydi”, - dedi u.
Ko’p sportchilar pandemiyadan tushkunlikka tushmaslikka chaqirmoqda.
Taniqli futbolchilar, tennischilar va yengil atletikachilar muxlislari bilan aloqada bo’lish uchun internet orqali fleshmob uyushtirib, kundalik mashg’ulotlari haqida ma’lumot beryapti, xayriya bilan shug’ullanyapti.
“Biz sportchilarmiz. Bizni qo’llab-quvvatlashingiz o’ziga yarasha mas’uliyat yuklaydi. Barcha professional sportchilarni birlashtirib, Qizil Xoch qo’mitasiga yordam berishga qaratilgan tashabbusni boshladik. Maqsadimiz inqiroz tufayli zarar ko’rgan odamlarga yordam berish uchun 11 million yevro to’plash”, - deydi mashhur tennischi Rafael Nadal.
Raqobat va uni yengishga o’rgangan professional sportchilar pandemiyani ham oshib o’tish kerak bo’lgan bir dovon sifatida ko’rmoqda.
Facebook Forum