Breaking News

Koronavirus epidemiyasi sil, bezgak, VIChga qarshi kurashni susaytirdi


Dunyoda shifokorlar diqqati koronavirusga qarshi kurashga qaratilgani hamda pandemiya sabab sog’liqni saqlash xizmatlari izdan chiqqani uchun sil, bezgak va VICh kabi kasalliklardan o’lim holatlari keskin oshishi mumkinligi xavotir bilan tilga olinmoqda.

Janubiy Afrikada 7,7 million odam VICh yoki Orttirilgan immunitet tanqisligi virusi (OITV) bilan kasallangan. Sibongile Zulu shulardan biri. Virusni bostirish uchun antiretrovirus dorilar ichib turadi. Janubiy Afrikada koronavirus sabab mart oyida karantin joriy etilganida Zulu ishidan ayrildi. Tez orada u qatnaydigan klinikada dorilar tugay boshladi.

“Kasal bo’lib qolmaslik uchun ikkita dori ichishim kerak, ammo ikki oy davomida faqat bittasini ichdim”, - deydi u.

Koronavirusga qarshi kurash shifokorlarning sil, bezgak va VICh kabi kasalliklarga qarshi kurashini cheklab qo’ydi.

Epidemiolog Salim Abdul Karim Janubiy Afrika hukumatiga maslahatchilik qiladi, Afrikada yuqumli kasalliklar borasida izlanishlar olib boradi.

“Odamlar tibbiy muassasalarga borishga qo’rqadi. Natijada silga test topshirish keskin kamayib ketdi. Odamlar dorilarini olishga ham bormay qo’ydi. Ko’p yillik ishlarimiz orqaga surilib ketishidan xavotirdaman”, - deydi mutaxassis.

Sil bilan kasallanish va undan o’lish hollari Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlarda yil-sayin tushib borayotganiga qaramay, o’tgan yili bu balodan dunyo bo’ylab salkam 1,5 million odam o’lgan.

“Ayni paytda Janubiy Afrikada silga testlar 50 foizga kamaygan. Odamlar kasalxona yoki klinikaga borolmayapti. Demak, ularda sil bor-yo’qligini bilmaymiz. Kasallikni boshqalarga yuqtirish ehtimoli baland”, - deydi London gigiyena maktabidan Finn Makkveyd.

Londonning qirollik kolleji mutaxassislariga ko’ra, koronavirus sabab aholini chivindan saqlovchi to’rlar bilan ta’minlash xizmati va bezgakka qarshi muolajalar tiklanmas ekan, 2020-yilda Afrikada bezgakdan o’tgan yilga qaraganda ikki baravar ko’p odam o’lishi mumkin.

Shifokor Abdul Karim COVID, sil, VICh va boshqa kasalliklarga qarshi kurashni umumlashtirishni, bitta tizimga tushirishni taklif etmoqda.

Koronavirusga qarshi kurashga katta pul sarflanar ekan, mutaxassislar boshqa halokatli kasalliklarga qarshi amaliyotlar chetda qolib ketmasin, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG