Breaking News

Liviyalik shifokorlar aholini bazmlarni bas qilishga chaqirmoqda


Dunyo bo’ylab koronavirusga chalinish holatlari yangidan kuchayar ekan, Liviya bundan mustasno emas. Har kuni bir necha yuz odamda virus aniqlanmoqda. Mamlakatda urush hukm surarkan, koronavirus bilan bog’liq raqamlarni aniq bilish muammo tug’dirmoqda.

“Kasalxonalarning bemorlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangan”, - deydi koronavirusga qarshi kurash qo’mitasidan Ahmad Hasi.

Rasmiylar epidemiya nazoratdan chiqayotganidan xavotirda. Poytaxt Tripoli, g’arbdagi Misrata, janubdagi Sabha shaharlarida ahvol ayniqsa og’ir. Shifokorlar aholi qoidalarga rioya qilmayotganidan shikoyat qiladi.

“Odamlar xavfsizlik choralarini ko’rmasdan ko’p sonda to’planishda, to’ylar qilishda, savdo markazlarini aylanishda davom etmoqda. Ahvol tez orada yomonlashishidan xavotirdaman”, - deydi Bing’ozidagi tibbiy markaz shifokori Fadi Farog’ Fortas.

Liviya g’arbida jamoatchilik joylarida niqob taqish majburiy, raqib ma’muriyat boshqaruvidagi sharqda esa bunday qonun yo’q. Ko’p yillik mojaro natijasida zaiflashgan iqtisodiyot sharoitida odamlar niqob sotib olishga puli yo’qligini aytadi.

Urush ko’plab tibbiy muassasalarga zarar yetkazgan, ba’zilari vayron bo’lgan, ko’p joylarda resurslar, tibbiy xizmatchilar uchun himoya vositalari, test to’plamlari yetishmaydi.

Elektr quvvatining tez-tez uzilishi tibbiy xizmatchilar ishini qiyinlashtirmoqda.

Liviyadan Yevropaga o’tishga harakat qilayotgan minglab migrantlar salomatligi ham xavotir uyg’otmoqda.

O’tgan oy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tripolida mart oyida yopilgan klinikasini qayta ochdi. Hozir muassasa 30 mingdan ziyod odamga xizmat ko’rsatmoqda.

“Xizmatlarimiz bepul va hamma uchun”, - deydi BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi vakili Mefta Lahvel.

Dengiz orqali Malta va Italiyaga borgan migrantlar koronavirusga tekshirilganida ko’plarida natija ijobiy chiqdi va ular darhol karantinga qo’yildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG