Breaking News

Shimoliy Koreya COVID-19 ga tayyormi?


Shimoliy Koreya koronavirus bilan ilk kasallanish holati haqida xabar berdi. Davlat matbuotiga ko’ra, uni qo’shni Janubiy Koreyadan qochgan 24 yashar bir odam olib kirgan. Kim Gum Xok ismli bu odam 3 yil oldin qashshoqlikdan Janubiy Koreyaga qochib o’tgan edi, biroq endi u o’z yurtiga qaytib bordi.

Seul bu odam jinoyatdan qochganini aytmoqda. Ba’zilar nazarida, Shimoliy Koreyada bungacha ham koronavirus bemorlari bo’lgan, biroq hukumat sukut saqlab kelgan, endi esa Kim Gum Xokka to’nkab, vaziyatdan chiqib ketmoqchi.

Janubiy Koreya tomoni bu odam koronavirus bilan kasallanganiga ishonmaydi.

“Endi koronavirus yuqtirish holatlarini inkor etishga hojat qolmadi. Pxenyan aybni osonlikcha qochoqlarga qo’yishi, virusning chetdan kirganini aytishi mumkin”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi”dan Duyon Kim.

Shimoliy Koreya chegaralarini yanvar oyidayoq yopgan. Biroq bunday izolyatsiya uni iqtisodiy tomondan qiyin ahvolga solib qo’ydi. Shuning uchun ham qo’shni mamlakatni ayblash qo’l kelmoqda, deydi mutaxassis.

“Kim Chen Un bu bilan sog’liqni saqlash va iqtisodiyotdagi muammolarni tashqi omillardan ko’rib, jamoatchilik e’tiborini davlat boshqaruvidagi xatolaridan chalg’itmoqchi”, - deydi Duyon Kim.

Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, agar epidemiya kuchaysa, hokimiyatga 9 yil oldin kelgan Kim Chen Un uchun bu eng katta tahdid bo’lishi mumkin.

“Shimoliy Koreyada sun’iy nafas oldirish apparatlari nechta bo’lishi mumkin? Hisobimcha, 200 dan oshmaydi. Ammo bu jiddiy epidemiya paytida yetarli emas, axir minglab odam, minglab bemorni davolash kerak bo’ladi”, - deydi Garvard universitetining tibbiyot fakulteti lektori Ki Park.

Mutaxassis ish yuzasidan Shimoliy Koreyaga tez-tez borib turadi. Xalqaro gumanitar tashkilotlar bu mamlakatga COVID-19 ga qarshi kurash uchun ayrim tibbiy uskunalarni bergan. Qo’shimcha yordam berish kerak, deydi u.

“Vaziyat tashvishlanarli. COVID bemorlarining ahvoli tez og’irlashishi mumkin. Eng zo’r sog’liqni saqlash tizimi ham qiynalib qolishi mumkin”, - deydi Ki Park.

Shimoliy Koreya davlat matbuoti vaziyat nazoratga olinganini bildirmoqda.

Rasmiylar aholini hushyorlikka chaqirarkan, ahvol halokatli ofatga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG