Breaking News

Nyu-Yorkda restoran, sartaroshxona, bolalar maydonchalari ochilmoqda


Nyu-York shahrida karantindan chiqishning ikkinchi bosqichi doirasida restoran, sartaroshxona, bolalar maydonchalari ochilmoqda. 300 ming odam ishga chiqishga hozirlanmoqda. Nyu-York koronavirusdan o’lim soni bo’yicha AQShda birinchi o’rinda.

“Shahar xavfsiz bo’lsin deymiz. Bu eng muhimi. Nafaqat virusdan, balki zo’ravonliklar, ijtimoiy muammolardan xoli bo’lsin. Muammolarni madaniyatli ravishda, bir bo’lib hal qilish kerak”, - deydi Geyl ismli nyu-yorklik.

Shaharda endi restoranlarga kirib, o’tirib ovqatlanish mumkin. Shu kungacha ular taomlarni faqat eltish va eshikdan berib yuborish bilan shug’ullanib kelayotgan edi.

Nyu-Yorkdagi Ochiq restoranlar dasturi restoran va barlarni tashqarida dasturxon yozishga undamoqda. Restoranlar ochilishi ketidan kamida 45 ming odam ishga qaytadi. Ba’zi joylarda oshxonalarga velosiped yo’laklari va avtomobil to’xtash joylarida stollar o’rnatishga ruxsat berilgan.

“Karantindan ko’p zarar ko’rdik, ammo bu zarur chora edi. Hayotni pul bilan o’lchab bo’lmaydi. Ko’rilgan zararni qoplab olamiz degan umiddaman. Omon ekanimizga shukur qilamiz. Nyu-Yorkni eski holiga qaytaramiz”, - deydi Emil Aklih ismli restoran egasi.

“Dabdala bo’ldik, rasvo bo’ldik. Ish umuman yo’q. 10 foizgina mijoz kiradi. Ijara haqqini, kommunal to’lovlarni, chiqindi, kir yuvish uchun to’lovlarni eplolmayapmiz. Hozirgi daromad faqat maoshlarni to’lashga yetyapti, xolos”, - deydi Jeremi Vladis ismli yana bir restorator.

Uch oylik karantin natijasida yuzlab joylar bo’shab qolgan. Restoran, kiyim-kechak do’konlari kamayib ketdi.

“Biz kichik biznesmiz, karantin bizga ham ta’sir qildi. Davlatdan yordam pulini oldik, ammo 75 foizi xodimlar maoshlariga sarflandi, ijara haqqi uchun 1000 dollar qoldi, xolos. Bunday sharoitda ko’plab kichik bizneslarning yopilib ketishi tabiiy hol”, - deydi butik egasi Lara Kornblux.

Moda sohasi ham katta o’zgarishlarga yuz tutdi. Ko’p odamlar endi uydan ishlarkan, qulay va shinamgina kiyimlar yana modaga qaytdi.

Sartaroshxonalar ham ochilgan, biroq oldindan yozilgan mijozlar bilan ishlamoqda. Ish hozircha sust. Keyingi bosqichda go’zallik salonlarini ochish ko’zda tutilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG