Breaking News

AQShda partiya qurultoylari virtual shaklda o'tishi mumkin


Koronavirus pandemiyasi sabab AQShda har bir siyosiy partiyadan prezidentlikka yagona nomzodni tasdiqlovchi qurultoy onlayn rejimda o’tkazilishi mumkin. 50 ta shtat va AQSh hududlaridan delegatlar o’z partiyasidan prezident va vitse-prezidentilikka nomzodlarga ovozini ilk bor uyidan turib berishga majbur bo’ladi.

“Nomzod bo’lish uchun aksariyat delegatlar ovozini olish kerak. Ovozlar qog’ozga tushirilib, Federal saylov komissiyasi raisi tasdig’idan o’tishi kerak. Shundagina ushbu nomzodning ismi 50 shtatning barchasidagi saylov byulleteniga tushadi”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti siyosatshunosi Ileyn Kamark.

Bir necha hafta oldin demokratlar o’z qurultoyini iyul o’rtasidan avgust o’rtasiga ko’chirdi. Respublikachilar qurultoyi avgust oxirida bo’ladi.

Demokratlar qurultoyi Miluoki shtatining Viskonsin shahrida bo’lishi kutilmoqda, biroq partiya sardori Tom Peresning aytishicha, koronavirus pandemiyasi rejaga jiddiy o’zgarish kiritishi mumkin.

Demokratlardan yagona nomzod bo’lishi kutilayotgan Jo Bayden virtual qurultoy bo’lsin deb taklif qildi.

“Buni amalga oshirish uchun uch xil platforma bo’lishi kerak”, - deydi Jorj Vashington universitetining Siyosiy boshqaruv bo’yicha magistratura rahbari Lara Braun.

“Delegatlar ovoz berishi uchun xavfsiz platforma bo’lishi kerak”, - deydi u.

Prezident va vitse-prezidentlikka nomzodni tanlash delegatlar qo’lida.

5000 odam uchun konferens-aloqani bir necha soatga, bir necha kunga xavfsiz va sifatli uyushtirish vazifasi oson emas.

“Mamlakat bo’ylab partiya faollarining munozaralari va muhokamalari uchun bir platforma, yana bir platforma tadbirni efirga uzatish bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar uchun kerak”, - deydi Lara Braun.

Virtual qurultoyni televideniye orqali 4 kun davomida qanday uzatish mumkin?

“Televizion ko’rsatuvni 20 ming tomoshabinsiz uzatishdan yomoni bo’lmasa kerak. Aminmanki, soha mutaxassislari buning biror qiziqroq yo’lini o’ylab topishadi”, - deydi tahlilchi Ileyn Kamark.

Respublikachilar ham virtual qurultoyni hisobdan chiqargani yo’q. Prezident Donald Tramp Jo Bayden qurultoyni onlayn shaklda o’tkazishni taklif qilganiga istehzo bilan munosabat bildirib, raqibi biror narsa yashirayotganiga ishora qildi.

Ammo Lara Braun nazarida, virtual qurultoy ishtirokchilarning faolroq, siyosatning esa shaffofroq bo’lishini ta’minlashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG