Breaking News

Sankt-Peterburg shahri koronavirusdan qattiq zarar ko'ryapti


Koronavirus pandemiyasi dunyo bo’ylab turizmga qattiq zarba berdi. Rossiya ham bundan mustasno emas. Odatda yilning bu paytida sayyohlarga gavjum Sankt-Peterburg shahrida turistlar ko’rinmaydi.

Davlat rus muzeyini aylanish uchun Xitoy va G’arbiy Yevropadan minglab odam kelardi, ammo hozir muzey mehmonlari Rossiyaning boshqa joylaridan kelgan mahalliy sayyohlar.

“Turizm har bir mamlakatda ham yaxshi daromad manbai. Ayniqsa Sankt-Peterburgda byudjetning katta qismi sayyohlik hisobiga to’ladi. Sayyohlarning yo’qligi chatoq”, - deydi muzey rahbari Vladimir Gusev.

Madaniyatsevar sayyohlarning yana bir sevimli joyi – Sankt-Peterburg Simfonik orkestri, ammo hozir bu joy ham yopiq.

Madaniyat vazirligi orkestr kuz oxirida ochilishini ma’lum qilgan, shunda ham 50 foizga, xolos.

“Hammamizga qiyin bo’ldi. Katta zal 1441 tomoshabinga mo’ljallangan. Chiptalarning yarmidan tushgan daromadga katta musiqachilarni taklif qilish qiyin”, - deydi orkestr direktori Ilya Cherkasov.

Xorijiy sayyohlar bilan ishlovchi xususiy sektorlar ham qiyin ahvolda qolgan.

“Xaridorlarimiz hozir faqat o’zimizning sayyohlar. Chet elliklar yo’q. Daromadimiz besh karra tushib ketdi”, - deydi Mariya ismli suvenirlar do’koni egasi.

“Biz ham zarar ko’ryapmiz. O’tgan yilga qaraganda taxminan to’rt baravar kam daromad oldik. Qiyin. Hozir hammaga qiyin”, - deydi shirinliklar do’koni egasi Valeriy Kedink.

Sayyohlar bilan avtobusda yurib gidlik qiluvchi Yelena Bobrova hozir ishsiz.

“Biznes 10 karra susaydi. Odatda apreldan sentabr oxirigacha gidlar 100-150 ming rubl pul ishlaydi. Qancha yo’qotganimni hisoblagim kelmayapti, kayfiyatim tushib ketishini xohlamayman”, - deydi u.

Dunyoga mashhur Mariinskiy opera va balet teatri ham ko’plab madaniy maskanlar singari og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG