Breaking News

Koronavirus Rossiyada rasmiylarni nishonga olmoqda


Moskva kasalxonasi

Rossiya koronavirusga uchraganlar soni bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda ekan, hukumatdagilar ham COVID-19 bilan kasallanmoqda. Prezident Vladimir Putinning aytishicha, 41 yashar Oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov virusga chalinib, sog’ayib bo’ldi.

Rossiyada Bosh vazir Mixail Mishustin, Madaniyat vazirasi Olga Lyubimova, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Qurilish vaziri Vladimir Yakushev va uning bir o’rinbosari koronavirusdan davolanayotgani ma’lum.

Mamlakatda har kuni 10 ming atrofida odam virusga chalinmoqda, taxminan 100 kishi o’lmoqda. Jami 262 mingdan ortiq odam kasallangan. Bemorlarning ko’pligiga sabab koronavirusga testlarning ommaviy ravishda o’tkazilayotgani aytilmoqda. Shu kunga qadar 6 million odamning tekshirilgani ma’lum.

Moskva shahar meri Sergey Sobyanin eng ko’p zarar ko’rgan poytaxtda karantinni 31-maygacha uzaytirdi. Mamlakatda har kuni koronavirusga 40 mingdan ortiq testlar o’tkazilmoqda.

Bugundan boshlab esa Moskvada antikorga bepul testlar taklif qilinadi. Ushbu tekshiruvlar natijasida qancha odam koronavirus bilan, jumladan asoratsiz kasallanib chiqqani aniqlanadi.

Poytaxtliklarga jamoat transporti va oziq-ovqat do’konlarida niqob taqish va qo’lqop kiyish buyurilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG