Breaking News

Amerikada o’qituvchilar maktablar ochilishiga qarshi


Nyu-Yorkda maktablar ochilishiga qarshi namoyish

Avgust boshida AQShning 25 dan ortiq shtatlarida minglab ota-onalar, o’qituvchilar, o’quvchilar va jamoa a’zolari namoyish qilib, maktablarda xavfsizlik va adolatni ta’minlashni talab qildi.

Amerikada o’qituvchilar maktablar ochilishiga qarshi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

“Aprel oyida bir hamkasbimiz koronavirusdan o’ldi. Kuzda o’qish boshlanib, o’qituvchilarimiz virus qurboni bo’lishini istamaymiz. Maktablarda ta’lim 100 foiz masofaviy bo’lsin”, - deydi nyu-yorklik tarix o’qituvchisi Jozef Vulf.

Shtatlarda maktablar joylardagi vaziyatga qarab ochilishi kutilmoqda. Masalan, Nyu-York shahrida o’quvchilar maktabga haftada uch marta boradi.

“O’quvchilarning katta qismi haftada 2-3 marta sinfda o’qiydi. Ba’zi maktablar uchun istisno qilinadi”, - dedi shahar meri Bill de Blazio.

Agar maktabda biror o’quvchida koronavirus aniqlansa, barcha sinfdoshlari ikki hafta karantinga qo’yiladi. Agar kamida ikkita sinfda koronavirus aniqlansa, butun maktabda karantin joriy etiladi.

Namoyishda qatnashgan aksariyat o’qituvchilar maktablarni ochishga shoshilmaslikka chaqirmoqda. Ularga ko’ra, salkam 1,5 million murabbiyning choragida sog’liq bilan bog’liq muammolar bor va bunday odamlar koronavirusga chalinsa, ahvoli og’irlashishi mumkin.

“Maktablarimizda haddan ziyod o’quvchi bor. Ba’zilarida ventilyatsiya tizimi yaxshi ishlamaydi. Mamlakat bo’ylab koronavirus bemorlari soni oshib borayotganiga qaramay, maktablarni ochishmoqchi. Virusga qarshi reja yo’q, qo’shimcha pul yo’q”, - deydi Ronni Almonte ismli muallim.

Maktablar mart oyidan beri yopiq. Lorens ismli 5-sinf o’quvchisi sinfi bag’riga tezroq qaytishni istaydi. Pandemiyadan xavotirdaman, ammo do’stlarim bilan ko’rishgim, o’ynagim keladi, deydi u.

“Ularni sog’indim. O’qituvchilarimni ham”, - deydi Lorens Terexin.

“Maktablarga qo’shimcha pul berishmayapti, resurslar kam. Ularni ochishdan nima foyda? Bizga kerak fanlar, o’qituvchilar bo’lmasa!” – deydi Meril Musum ismli 11-sinf o’quvchisi.

16 yashar Merilning aytishicha, uning sinfdoshlari ham shunday fikrda. Nyu-York shahar meri bo’lish uchun nomzodini qo’ygan Dayen Morales o’quvchilar bilan hamfikr.

“O’tmishda o’qituvchi bo’lganman, boqib olingan bolalar bilan shug’ullanganman, o’zimning ham individual o’quv dasturi bo’yicha ta’lim olgan ikki nafar farzandim bor. Maktablar xavfsizligi ta’minlanmaguncha o’qituvchilar va o’quvchilarning maktabga qaytishiga qarshiman”, - deydi nomzod.

Namoyishlarga qaramay, talabalar va maktab xodimlarida koronavirus topilganiga qaramay, Jorjiya, Missisippi va boshqa shtatlarda sentabrdan maktablarda o’qish boshlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG