Breaking News

Amerikaliklarning 20 foizi koronavirusga qarshi emlanishni istamaydi


AQShda o’tkazilgan ijtimoiy so’rovda qatnashgan odamlarning 49 foizi koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilsa, emlanishga rozi bo’lishini bildirgan, 31 foizi hali bir qarorga kelmaganini, qolgan 20 foizi esa emlanishga qarshi ekanini aytgan.

Xalqaro hayot – 27-may, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:16 0:00

“Bu ehtimoliy vaksinaning yon ta’siri qanday bo’lishi mavhum ekanidan dalolat. Ba’zilar emlash paytida virus yuqtirishidan xavotirda, biroq bunday ehtimol afsonadan boshqa narsa emas”, - deydi Chikago universitetida ijtimoiy fikrni o’rganish markazi xodimi Keytlin Oppenxaymer.

Emlashdan bosh tortayotgan amerikaliklarning 70 foizi vaksinaning qanchalik xavfsiz ekanidan shubhalanishini aytadi.

“Endigina chiqqan vaksina yetarli darajada sinalmaguncha yon ta’siri qanday bo’lishini bilib bo’lmaydi”, - deydi 56 yashar koloradolik Melani Drayz.

AQSh Milliy salomatlik instituti rahbari Frensis Kollins bunday shubhalarga barham berish maqsadida sinovlarga o’n minglab odamlarni jalb qilmoqchi.

“Maqsadimiz vaksinani tezroq chiqarish emas. Bu katta xato bo’lardi. Eng muhimi – uning sifati”, - deydi u.

Emlanishga rozilar, asosan, o’zlari, oilalari va jamoalarini himoya qilish muhim ekanini aytadi.

“Vaksina chiqishi bilanoq emlanishga harakat qilaman, chunki oilamni himoya qilmoqchiman”, - deydi 35 yashar texaslik Brendon Grayms.

Yangi koronavirus qariyalar, qand kasalligi yoki yurak kasalligi kabi surunkali kasallikka chalingan odamlar uchun ayniqsa xavflidir. So’rovda qatnashgan 60 va undan katta yoshdagi odamlarning 67 foizi emlanishga qarshi emasligini aytgan. Yoshlar orasida bu ko’rsatkich 40 foizga teng.

Koronavirus qurbonlari orasida qora tanlilar va latinolar ko’p bo’lsa-da, afro-amerikaliklarning choragi va latinolarning 37 foizigina vaksina olishga roziligini bildirgan. Oq tanlilar orasida bundaylar 56 foizni tashkil etadi.

Emlanishga qarshi odamlarning 42 foizi vaksinadan COVID-19 yuqtirishi mumkinligini sabab qilib ko’rsatmoqda. Biroq ayni damda sinalayotgan asosiy vaksinalarning aksariyatida koronavirus yo’qligi aytiladi, demak emlash paytida uni yuqtirish ham mumkin emas.

Shu onga qadar, dunyo bo’ylab 5 million 700 mingdan ziyod odam koronavirusga uchragan bo’lsa, bir million 700 mingdan oshig’i AQShda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG