Breaking News

Millionlab ishsiz amerikaliklar hukumatdan yordam kutmoqda


Davlatning ishsizlik nafaqasiga navbatda turganlar

AQShda koronavirus sabab millionlab odamlar ishidan ayrilib, davlatdan ishsizlik uchun nafaqaga ariza berdi.

Ammo Sietldagi bir restoranda ishlagan Rayan Frimenning aytishicha, u nafaqasini ololgani yo’q. Ko’rsatilgan raqamga qo’ng’iroq qilib bo’lmayapti, go’shakni qo’yib qo’yishyapti”, - deydi u.

Pandemiya sabab dunyo bo’ylab sanoatlar to’xtab qolgan, kompaniyalar inqiroz yoqasida turibdi.

Yevropaning Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlari ishchilar maoshini olishda davom etishi uchun kompaniyalarga pul uzatmoqda.

“Inqiroz o’tib bo’lganidan so’ng Yevropada odamlar to’ppa-to’g’ri o’z ishiga qaytishini biladi”, - deydi Vashingtondagi Jorjtaun universitetining Ishchilar huquqlari institutidan Mark Gaston Pirs.

Biroq AQShda ishini yo’qotgan ishchilarning ba’zilarigina nafaqaga ariza berishi mumkin. Ishidan ayrilgan odamlar tibbiy sug’urtasidan ham ayrilmoqda. Hujjatsiz muhojirlar esa ishsizlik nafaqasini olish imkoniyatidan mahrum.

Federal hukumat ma’lum miqdorgacha maosh oluvchi amerikaliklarga 1200 dollarlik chek yubormoqda. Kongressda yordamning ikkinchi paketi bo’yicha muzokaralar ketmoqda.

AQSh hukumatining kichik bizneslarga kredit dasturi ishchilarga ishini saqlab qolishga yordam berishi mumkin – agar kompaniyalar pandemiya paytida xodimlarini haydamasa, kredit kechiladi.

Ba’zi shtatlarda Milliy Gvardiya yordam pulini kutayotgan odamlarga oziq-ovqat tarqatishda yordam beryapti.

”Keyingi oyning ijarasi yoki elektr quvvati uchun qanday to’lashni bilmay boshim qotgan”, - deydi atlantalik ishsiz Sara Bush.

Ishsizlik uchun nafaqaga arizalarning ko’pligidan tizim turib qolgan. Yordam puli qisqa muddatga asqatishi mumkin, xolos. Pandemiya o’tib bo’lganidan so’ng iqtisodiyot qanday sur’atlarda tiklanadi, ishsiz qolgan odamlar eski ishiga qayta oladimi? Mana shu savollar hozir ko’plarni qiynamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG