Breaking News

Dunyo bo'ylab o'tgan yili 70 jurnalist o'ldirilgan, 232 nafari qamoqqa tashlangan


"Jurnalistlarni o'ldirishni bas qiling. Ular sizning ovozingiz", deyiladi mana bu yosh muxbirlar ko'tarib turgan plakatda. Islomobod, Pokiston.
"Jurnalistlarni o'ldirishni bas qiling. Ular sizning ovozingiz", deyiladi mana bu yosh muxbirlar ko'tarib turgan plakatda. Islomobod, Pokiston.
Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot, Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita (CPJ), berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan bir yilda dunyo bo'ylab so'z va matbuot erkinligi yanada cheklandi. Ko'plab axborot vositalari xodimlari o'ldirildi yoki qamoqqa tashlandi.

Copy of CPJ Robert Mahoney
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:25 0:00
Yuklab oling

Qo'mita o'z yillik hisobotida hukumatlarni jurnalistlarga va shu tariqa xalqqa nisbatan adolatsizliklarga ko'z yumayotganlikda ayblaydi. Oshkoralik yo'lida xizmat qilishga uringan mutaxassislar tazyiqqa uchraydi, asossiz ayblar bilan sudlanadi va ozodlikdan mahrum etiladi. Davlat ularning huquqlarini ta'minlash o'rniga jurnalistlarni dushman sifatida ko'rib, ularni javobgarlikka tortadi.

2012-yilda ishi uchun qamoqqa olingan jurnalistlar soni rekord ko'rsatkichga yetgan. Bu muxbirlar, asosan, terrorizmga aloqadorlik va tuzumga tahdid solganlikda ayblangan. Gap 232 jurnalist haqida ketmoqda. 2011-yilda panjara ortiga tashlanganlar 53 nafarni tashkil etgan edi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita hisobicha, o'tgan 20 yilni kuzatganda, har sakkiz kunda bir muxbir ishi yuzasidan o'ldirilgan. Jami 1000 ga yaqin muxbir halok bo'lgan.

2012-yilda 70 jurnalist o'ldirilgan. Bu 2011-yil bilan qiyoslaganda 43 foiz ko'p. O'tgan bir yil ichida 43 muxbir bedarak ketgan.

Pokiston, Somali va Braziliyada muxbirlarni o'ldirish hollari keng tarqalgan.

Ekvador, Turkiya va Rossiyada ularning faoliyatini keskin ravishda cheklovchi qonunlar qabul qilingan.

Efiopiya, Turkiya, Vyetnam va Suriyada jurnalistlar katta sonda qamoqqa tashlanmoqda.

Fuqaro urushi avjiga chiqayotgan Suriyada jurnalistlar hayoti kuchli tahdid ostida va o'lim hollari oshib bormoqda.

Jinoyat, korrupsiya, siyosat va mojarolarni yoritishga uringan muxbirlar davlat va nodavlat kuchlar tomonidan agressiv nishonga olinadi, deydi Robert Maxoni, Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita direktori o'rinbosari.

Vaholanki, deya eslatadi tashkilot, BMT qabul qilgan reja axborot yig'ish va tarqatish, jurnalistlar faoliyati, axborot vositalari ishini himoya qilishni har bir a'zo davlat uchun oliy vazifalardan biri deb belgilagan.

Besh yil oldin BMT qabul qilgan rezolyutsiya mojaro nuqtalarida muxbirlar xavfsizligini ta'minlashni talab qiladi. Afsuski, aksariyat davlatlar bu vazifalarni unutgan yoki ularni ataylab bajarmaydi. Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita BMT agentliklarini ham mas'uliyatli bo'lishga undab, matbuot xodimlari himoyasi yo'lida qattiq ishlashga chaqirmoqda.

"Bugungi texnologiya va global kommunikatsiya inqilobi davrida ko'plab hukumatlar matbuot erkinligi nima ekanini qayta ko'rib chiqishga tushgan. Ular bu erkinlik umumbashariy emas va har bir davlat bu borada o'zi qaror qilishi kerak degan g'oyalarni olg'a surmoqda",- deya xavotir bildiradi Jol Saymon, Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita rahbari.

"Lekin so'z va mabuot erkinligi xalqaro qonunlarda aniq belgilangan va avtokrat rahbarlar ularni o'z foydasiga o'zgartira olmaydi",- deydi u.

Markaziy Osiyo davlatlari jurnalist huquqlarini ta’minlovchi qonunlarga ega bo’lsa-da, bu soha egalari doimiy bosim ostida ish yuritadi. Mintaqa bo’ylab o’nlab muxbirlar qamoqda, bir nechasiga qarshi jinoiy ishlar avjida. Mustaqil axborot vositalari O’zbekiston va Turkmaniston singari jamiyatlarda mavjud emas. Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda ham muxbirlar va muharrirlar erkin faoliyat bir orzu ekanini aytadi.

Markaziy Osiyo va xususan O'zbekistonga tegishli ma'lumotlar mana bu yerda: http://cpj.org/ru/2013/02/-2012-15.php
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG