Breaking News

AQSh matbuot erkinligini kengroq targ'ib qilishi kerak, deydi taniqli huquq faoli


Oq uy hovlisida muxbirlar uchun maxsus joy bor. Qay mavsum bo'lmasin, ular o'sha yerdan bevosita xabar uzatishadi.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining (Committee to Protect Journalists/CPJ) chorak asrlik rahbari Jol Saymon AQSh hukumatini matbuot erkinligi targ'ibotini kuchaytirishga chaqirmoqda.

300 ga yaqin jurnalist ayni damda qamoqda va 2021-yilda kamida 24 nafari ish ustida o'ldirilgan.

Saymon deydiki, jurnalistlar aslida dunyoni o'zgartirish bilan band, ammo repressiv kuchlar nishonida.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Saymon ommaviy axborot vositalari va uning xodimlariga nisbatan tahdidlar kun sayin oshib borayotganini ta'kidlaydi.

"Jurnalistikaning oddiy talabini ado etish, axborot yig'ish va tarqatish nihoyata xavfli bir ishga aylangan", - deydi Saymon.

Qo'mitani 25 yil boshqarib, shu kunlarda lavozimini tark etgan mutaxassis matbuot erkinligi uchun kurashni boshqa yo'llar bilan davom ettirmoqchi.

Saymon tashkilotda 1997-yilda ish boshlaganida dunyo bo'ylab professional jurnalistika, demokratiya va inson huquqlari borasida umidlar va real harakatlar avj olgan davr edi.

"Sovet Ittifoqi parchalanishida matbuot yetakchi rol o'ynagan edi. Lotin Amerikasida jurnalistlar harbiy tuzumlar qulashida kuchli ta'sir ko'rsatgan edi", - deydi Saymon.

Ammo undan keyingi ikki o'nyillikda, deydi u, hukumatlar OAVni sistematik eza boshladi.

Turkiyada jurnalistlar namoyishi, 29-iyun, 2021
Turkiyada jurnalistlar namoyishi, 29-iyun, 2021

Repressiya va avtokratiya texnologiya ravnaqi bois ham axborotni yangicha vositalar bilan nazorat qilishga o'tgan.

"Jurnalistlar ishi - ishonchli axborot berish. Hukumatlar esa bunga imkon berishni xohlamaydi", - deydi Saymon. Ayrim hukumatlar buning uchun kuch ishlatishga, huquq va qonunlarni buzishga tayyyor.

O'tgan yillarda jahon bo'ylab erkinlik darajasi tushgan. Saymon nazarida, bu o'zgarishlar ayniqsa jurnalistikada aks etmoqda.

Mustaqil jurnlistika hatto AQShda ham zarar ko'rdi, deya xulosa qiladi ekspert. Axborot olish bu yerda ham qiyinlashgan.

Saymon deydiki, vaziyatni o'nglash uchun uzoq muddatli strategiya zarur. Bunga esa Amerika boshchilik qilishi va Oq uy bu tashabbuslarni quvvatlashi lozim, deydi u.

O'tgan 20 yildan beri AQSh prezidentlari ham matbuot erkinligiga qarshi qadamlar tashlagan paytlar bo'ldi, deydi Saymon. Mana shuni ochiq tan olib, bu davlatning asosiy qadriyatlaridan biri aynan erkin va mustaqil jurnalistika ekani unutilmasin, deya qo'shadi Saymon.

Uning fikricha, Donald Tramp prezidentligi paytida Oq uydan jurnalistlarga qarshi yangragan bayonotlar avtokrat rahbarlarga kuch bergan va Amerikaga nisbatan hurmat va ishonchni yemirgan.

Meksikada o'ldirilgan jurnalistlar eslanmoqda, 16-may, 2017
Meksikada o'ldirilgan jurnalistlar eslanmoqda, 16-may, 2017

Saymon deydiki, har qanday jurnalist uchun eng xavfli ish bu korrupsiyani va uyushgan jinoyatchilikni tekshirishdir. "O'ldirilgan jurnalistlar faoliyatiga qarasangiz, ular aynan shunday surishtiruvlar olib borganini ko'rasiz".

Meksika, Rossya, Slovakiya va boshqa davlatlar bo'lsin, hammasida muxbirlar amaldorlarning boyligini savolga tutgani uchun nishonga olingan.

"Biroq jurnalistlarsiz biror jamiyat jamiyat bo'lmaydi", - deya eslatadi Saymon.

Inson borki, ishonchli ma'lumot istaydi va matbuot uni yetkazish uchun irodali va salohiyatli muxbirlar va muharrirlarga muhtoj.

Buni tushungan holda xalq jurnalistlarni qadrlashi lozim, ularni xavfdan himoya qilishi, hukumatlar OAV va ularning xodimlariga bosim o'tkazganida jim turmasligi kerak, deya undaydi Saymon.

Mutaxassis jurnalistlar orqaga chekinmasligiga ishonadi. Vaziyat qanchalik og'irlashmasin, deydi u, soha egalari bu kurashda boy berishni xohlamaydi.

"Dunyo bo'ylab ko'plab odamlar mustaqil jurnalistika zarurligini biladi. Ular jurnalistlar ishini qadrlaydi. Umid qilamanki, insoniyat baribir buni amalda isbotlaydi, ya'ni matbuot erkinligini himoya qiladi", - deydi Saymon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG