Breaking News

Ukraina: Tatarlar Qrim blokadasini davom ettirmoqda


Ukrainada Qrim blokadasi davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:00 0:00

Tomosha qiling!

Yarimorolning Ukrainadan tortib olinganiga qarshi tashabbus natijasida Qrimga yuk olib kirilishi cheklangan, savdo aloqalari sezilarli to`xtab qolgan. Faollar Rossiya ana shunday bosim ostida siyosiy muzokara boshlashiga umid qilmoqda.

Qrim blokadasi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:50 0:00

“Qrim blokada”si uchun o`rnatilgan asosiy post Xerson viloyatidagi Chongar qishlog`ida joylashgan. Kiyevdan taxminan 700 chaqirim uzoqlikda. Blokada tafsilotlari bilan tanishish aynan shu postdan boshlandi.

Qamal boshlanguncha bu yerdan har kuni turli iste`mol mollari ortilgan 400 ga yaqin yuk mashinalari o`tar edi.

Blokada 20-sentabrdan boshlandi. Hozir bu yerda yuk mashinalari deyarli uchramaydi. Blokadaning birinchi kunlari kilometrlarni tashkil etgan yuk mashinalari tirbandligi allaqachon tarqab ketgan.

Bloklar bilan to`silgan postdagi nazoratchilar qrim-tatarlar va bu tashabbusni qo`llab chiqqan Ukrainadagi ko`ngilli batalyon jangchilaridan iborat.

Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti
Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti

“Qrim blokadasi” shtabi ham shu post yaqinida joylashgan - shtab, yotoqxona, oshxona va boshqa birinchi darajali ehtiyojlar bilan jihozlangan kattagina lager. Lager rahbari 1980-yillarda O'zbekistonning Andijon viloyatidan ko`chib kelgan qrim-tatar Dilovar Sayitmurodov.

“Xudo xohlasa, Qrim qaytarilmaguncha turamiz. Mashinalarni qarayapmiz, taqiqlangan tovarlar yo`qmi, furalar esa ko`pdan buyon yo`q. Qrimda hozir uncha bilinmayotgandir, ta'siri sekinlik bilan bo`ladi. Yaqinda mana Qrimdagi bir zavod faoliyatini to`xtatishga majbur bo`ldi”, - deya gapiradi u o'zbek tilida.

Sayitmurodov uzoq yillardan buyon o`zbek tilida gaplashmagani uchun suhbatimiz davomida ruscha so'zlardan ham foydalanayotgani yuzasidan uzr so`rarkan, Andijonda, Samarqandda hozir ham qarindoshlari yashayotganini aytadi.

“Hali bu boshlanishi, Qrimni qaytarib olish uchun qo`yilgan dastlabki qadam, xolos. Biz uzoq va davomli qamal rejalaganmiz", - deydi u.

Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti
Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti

Ayni paytda Ukrainadan Qrimga, asosan, yengil avtomobillar, avtobuslar o`tmoqda. Blokadachilarning aytishicha, avval yuk mashinalarida tashilgan biznes bugun boshqacha ko`rinishga o`tgan. Mahsulotlar, asosan, yo`lovchi mashinalarida olib o`tilmoqda.

Abubekir Zokirov 1990-yillarda Toshkent viloyatining Bekobod tumanidan ko`chib kelgan. Changar qishlog`iga yaqin joyda yashaydi. Ishdan bo`sh kunlari lagerga keladi, posbonlarga ko`maklashadi.

"Qrimdagi vatandoshlarimiz, mayli, hammasiga rozimiz, oziq-ovqatni o`tkazmang, yo`llarni to`sing, chiroqlarni o`chiring, nima qilsanglar ham Rossiya bosqiniga chek qo`yilsa bo`ldi, deb kutishayapti. Buni biz ancha avval boshlashimiz kerak edi“, - deydi u.

Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti
Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti

Shtab boshlig'i qrimlik tadbikor, tatar tilidagi yagona telekanal - "ATR“ ta'sischisi Lenur Islomov. Islomov blokada tashabbusi qrim-tatarlarni bir maqsad atrofida yanada jipslashtirgani, tatarlarda o`z yurtini ishg`oldan ozod etish mumkinligiga bo`lgan ishonchni mustahkamlagani haqida aytadi.

Unga ko'ra, blokada ta'siri allaqachon bilina boshlagan. Ayrim biznes guruhlar muzokara yo`llarini qidirishmoqda. Ayrim guruhlar esa bevosita tahdid qilishga o`tgan. Islomov o`zining qo`l telefoniga tahdidli smslar kelayotganini aytadi.

Ukrainada qrim-tatarlar tashabbusiga "O`ng sektor“ birinchilardan bo`lib qo`shildi. Ularning lageri ham qrim-tatarlarniki bilan yonma-yon joylashgan.

O`ngchilar Petro Poroshenko hukumatiga muxolif. Hukumat "Qrim blokadasi“da rasman ishtirok etmayapti, ammo Poroshenko bu tashabbusga qarshi emasligini bildirgan.

"O'ng sektor“ so'zlovchisi Aleksey Bik blokada, avvalo, Qrim bilan savdo aloqasini davom ettirgan hukumatdagi korrupsionerlarga qarshi keskin zarba deb hisoblaydi. Navbat endi Qrimga eltuvchi temir yo`llarni berkitish, elektr energiyasi ta'minotini uzishga, deydi u.

"Biz bu ishni, Poroshenko xohlaydimi yo`qmi, baribir amalga oshiramiz“, - deydi Aleksey Bik.

Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti
Qrimga kirishda o'rnatilgan chegara posti

Qish yaqinlashayapti, sovuq blokada davom etishiga ta'sir etadimi? Aslo yo'q, deya keskin javob beradi tatarlardan biri.

Blokadachilar orasida Qrimga borib kelib turgan faollar ham bor. Ularga ko`ra, narxlar oshganini hisobga olmaganda, hozircha qamal ta'siri jiddiy sezilgani yo'q. Qrim hukumati blokadaga qarshi choralar qidirmoqda.

Ko`pchilik qamalning navbatdagi bosqichi - energetik ta'minot uzilishi va Qrimga boruvchi temir yo`llar berkitilishi. Yarim oroldagi tatarlar esa bu qiyinchiliklarga tayyor, ularning ilinji Qrimni Ukraina tarkibiga qaytarish, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan kuzatuvchilar.

Qrimni elektr energiyasi bilan Ukraina ta`minlab keladi. Ta'minot uzilishi jiddiy aks sado berishi aniq. Ammo qamal keskinlashishi ikki tomondagi aholi munosabatlariga salbiy tasir o`tkazishi, Qrimni butunlay Rossiya quchog`iga uloqtirishi ham mumkin, degan xavotirlar mavjud.

Boshqa tomondan esa o`z yurtining Rossiya changalidan ozod bo`lishini istayotgan qrim-tatarlar uchun tanlov imkoniyati qolmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG