13-14-yanvar kunlari Chexiya Respublikasida prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Ukrainaga yordam, Rossiya va Xitoy bilan aloqalar saylovchilarni qiziqtirayotgan ko’plab mavzularning ba’zilari. Saylovda uch nomzod qatnashadi. Ulardan biri sobiq bosh vazir Andrey Babish bo’lib, dushanba kuni Praga sudi uni oqlab chiqdi.
68 yashar Babish Yevropa Ittifoqining 2 million dollarlik subsidiyalari bilan bog’liq firibgarlikda ayblangan edi. Unga ko’ra, tergov ortida siyosiy sabab bo’lgan.
“Bu Chexiya Respublikasi, fuqarolari uchun “mamlakatda qonun ustuvorligi bor” degan yaxshi xabar”, - dedi u.
Chexiyaning badavlat odamlaridan biri hisoblangan Babishni populist siyosatchi, prezidentlik muddati tugayotgan Milosh Zemanning siyosiy ittifoqchisi deya ko’rishadi. U Chexiya hukumati va Yevropa Ittifoqining migratsiya va Ukrainaga yordam kabi siyosatlarini tanqid qilib kelgan. Bu unga tarafdorlar orttirishga yordam beribgina qolmay, tanqidchilarini jonlantirdi ham.
O’tgan yakshanba Pragada minglab odam ko’chaga chiqib, G’arbga moyil prezident saylanishini talab qildi.
“20 yil davomida Zeman kabi bizni uyatga qo’ygan prezidentlarimiz bo’ldi. Ularning Rossiya, Xitoyga xayrixohligi bizni qadrsizlantirdi”, - deydi chex rejissori Vaslav Marxul.
Babishning saylovdagi raqiblaridan biri 61 yashar iste’fodagi general Pyotr Pavel bo’lib, saylov kampaniyasining shiori “Tartib va xotirjamlikni o’rnatish”. Uchinchi nomzod 44 yoshli Danushe Nerudova. Sobiq iqtisodchi va universitet rektori Yevropa Ittifoqi qadriyatlarini targ’ib qiluvchi rahbar bo’lishga va’da beradi.
“Pyotr Pavel ham, Danushe Nerudova ham Chexiya Respublikasining liberal demokratiya bo’lishi va liberal tartibda faolroq ro’l o’ynashi tarafdori”, - deydi Germaniya Tashqi aloqalar kengashidan Benjamin Tallis.
Chexiyada prezident ijroiya hokimiyatga ega emas, biroq tahlilchilar fikricha, Babish saylansa, Rossiya bosqinidan so’ng Ukrainani qattiq qo’llab-quvvatlashga kirishgan chex hukumatiga qiyin bo’ladi.
“Babish nazarida, Chexiya Ukrainaga, ukrainalik qochqinlarga haddan ziyod ko’p yordam beryapti. Ammo Babish Zeman kabi Rossiyaga, Xitoyga xayrixoh bo’ladi deb o’ylamayman. Chunki uning biznes manfaatlari G’arbiy va Markaziy Yevropa bilan bog’langan”, - deydi Brno shahridagi Masarikov universiteti professori Lyubomir Kopechek.
Nomzodlardan hech biri kamida 50 foiz ovoz to’play olmasa, yaxshi natija ko’rsatgan ikki nomzod ikki haftadan keyin bo’ladigan yana bir saylovda bellashadi.
Facebook Forum