Breaking News

Chexiya sobiq prezidenti vafot etdi. Meksika sobiq rahbari o'lim bilan olishmoqda


Chexiya sobiq prezidenti Vaslav Xavel
Chexiya sobiq prezidenti Vaslav Xavel

Bugun Chexiyada sobiq prezident Vaslav Xavel 75 yoshda vafot etdi. Chexoslovakiyada kommunistik rejimning qonsiz qulashida muhim rol o'ynagan dissident yozuvchining uzoq yillardan beri o'pkasi xasta ekani ma'lum edi.

Chexoslovakiyada tuzum 1989-yilda rangli inqilob natijasida o'zgarib, saylovlar o'tkazilganida, Xavel demokratik ravishda saylangan ilk prezident bo'ldi. 1993-yilda esa mamlakat tinch yo'l bilan Chexiya va Slovakiyaga bo'linib, Xavel Chexiyaga rahbar bo'ldi.

1999-yilda mamlakat NATO ga a'zo bo'ldi. 2003-yilda Xavel prezidentlikdan ketdi, bir necha oydan so'ng esa Chexiya Yevropa Ittifoqiga ham qo'shildi.

1968-yilda Praga bahori nomini olgan islohotlar paytida namoyishlar Sovet qo'shinlari tomonidan bostirilgach, Xavel kommunizmni qoralab, pyesalar yozib, nom chiqardi. Ammo uning asarlari man qilingan edi.

Meksika sobiq prezidenti Migel de la Madrid ham o'lim to'shagida yotibdi. Kecha arbob vafot etdi degan xabarlar chiqqan edi, biroq mamlakatning amaldagi rahbari Felipe Kalderon mish-mishlarni inkor etishga majbur bo'ldi.

77 yoshli de la Madridning ham Vaslav Xavel kabi o'pkasi kasal. U Meksikani 1982-yildan 1988-yilgacha boshqargan. Mamlakat iqtisodiyoti uchun eng qiyin, inflyatsiya ko'kka chiqqan davr.

Uning prezidentligi paytida, 1985-yilda minglab odamlarni nobud qilgan zilzila ro'y bergan. 1986-yilda esa Meksika futbol bo'yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG