Breaking News

Davosda Jahon iqtisodiy forumi boshlandi


Shveysariyaning Davos shahri
Shveysariyaning Davos shahri

Shveysariyaning Davos shahrida an'anaviy yillik Jahon iqtisodiy forumid boshlandi. Unda G’azodagi vaziyatning muhokama etilishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 15-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:02 0:00

AQSh delegatsiyasini anjumanda Davlat kotibi Entoni Blinken boshqaradi. Fransiya prezidenti, Xitoy bosh vaziri, Isroil, Argentina, Birlashgan Arab Amirliklari prezidentlari, Qatar rahbari va ko’plab boshqa davlat rahbarlari va yirik tadbirkorlar tadbirda qatnashmoqda.

Ukrainadagi urush muhokamasi ham forum kun tartibidan joy olgan. Xalqaro hamjamiyatdan yordam so’rash uchun Davosga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tashrif buyurgan, Ukraina olg’a surgan tinchlik formulasini targ’ib qilmoqchi. O’tgan yili Zelenskiy anjuman qatnashchilariga virtual murojaat qilgan edi.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Davosga taklif etilmayotgan Rossiya delegatsiyasi bu gal ham forumni qoldirmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya vakillari ishtirokisiz Ukraina tinchlik tashabbusini muhokama qilishdan foyda yo’qligini aytadi.

Zelenskiyning 10 punktdan iborat tinchlik formulasi rus askarlarini Ukrainadan to’liq chiqarishga, qo’lga olingan barcha hududlarni qaytarishga chaqiradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaraga tayyor ekanini, ammo muloqot Rossiya shartlari asosida o’tkazilishini aytgan.

Davosda global iqtisodiyot va tengsizlik xususida ham gap ketadi. Qashshoqlikka qarshi kurashuvchi “Oxfam” tashkilotining bildirishicha, 2020-yildan beri dunyoning eng badavlat besh kishisi ikki karradan ziyod boyib, umumiy boyligi 869 milliard dollarga yetgan, besh milliard odam esa yanada qashshoqlashgan.

“Oxfam” tilga olgan boyvachhalar “Tesla” rahbari Ilon Mask, LVMH bosh boshqaruvchisi Bernar Arno, “Amazon” asoschisi Jeff Bezos, “Oracle” asoschilaridan biri Larri Ellison va sarmoyador Uorren Baffetdir.

“Oxfam” hukumatlarni monopoliyalarga chek qo’yish orqali yirik korporatsiyalarni jilovlashga, ortiqcha daromad va boylikga soliq solishga, kompaniyalarda nazoratni xodimlar egaligi orqali amalga oshirish kabi muqobil yo’llarni rag’batlantirishga chaqirmoqda.

Guruh hisobotiga ko’ra, so’nggi uch yilda dunyoning eng yirik 148 ta korporatsiyasi 1,8 trillion dollar foyda ko’rgan, yirik aksiyadorlar katta dividendlar olgan, millionlab ishchilar esa inflyatsiya oqibatida qadrsizlangan maoshlar bilan kifoyalangan.

"Odatda Jahon iqtisodiy forumida milliarderlarni olqishlaymiz. Ammo aslida ularning borligini muvaffaqiyatsizlik deb bilaman. Dunyo aholisining 10 foizi yoki 800 million odam har kuni uyquga och ketadi”, - deydi “Oxfam International” ijrochi direktori Amitabx Behar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG