Breaking News

Los-anjeleslik libos dizayneri maskalar chiqarmoqda


Los-anjeleslik kiyim dizayneri Soniya Smit-Kang bir paytning o’zida hamshira bo’lgani uchun ham niqoblarning koronavirus pandemiyasi paytida muhim ekanini biladi.

AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi odamlarga ko’chaga niqobda chiqishni tavsiya qilmoqda.

Dizayner ayol kompaniyasidagi matolar qoldiqlaridan maskalar tayyorlashga kirishdi.

U ishlarini ijtimoiy sahifa orqali o’rtoqlashdi.

“Mening dizaynim ko’pchilikka manzur bo’ldi. Ko’plab tibbiy muassasalar va oddiy odamlardan buyurtmalar tusha boshladi”, - deydi Smit-Kang.

Dizayner bir maskani sotsa, ikkinchisini tibbiy xizmatchilarga xayriya qilmoqda.

Shu kungacha yuzlab niqoblar buyurtmachilarga yetib borgan.

“Tayyor bo’lishi bilan jo’natyapman”, - deydi u.

Oxirgi ikki haftada maskalar internetda eng ko’p qidirilgan narsa bo’ldi. Koronavirus alomatlari darrov oshkor bo’lmasa-da, odamlarga yuqishi mumkin.

“Maska sizni virusdan himoya qilmaydi, ammo boshqalarni yuqtirishingizga yo’l qo’ymaydi”, – deydi xyustonlik mutaxassis Firas Zabane.

Unga ko’ra, niqob taqqan odamlar ham ijtimoiy masofani saqlashi, yuzidagi maskaga qo’l tekkizmasligi zarur.

“Odamlar maska taqishga o’rganmagan, shunga qo’l gigiyenasiga to’g’ri rioya qilmaydi. Maskani hadeb to’g’irlayversangiz, uni yechganda yoki tomoqqa tushirganda ham virus unga o’tishi mumkin”, - deydi mutaxassis.

ISPANIYA

Bu o’rtada Ispaniya hukumati poyezd va metroda 10 millionta niqob tarqatgan. Ba’zi odamlar ikki haftalik karantindan so’ng ishga qaytmoqda. Asosan fabrika va zavodlar ishchilari va quruvchilar. Boshqalarga uydan ishlash qattiq tavsiya qilinmoqda. Savdo markazlari va xizmatlar yopiq.

Jamoat transporti vakillari yo’lovchilar soni cheklanishi va ular o’rtasida ijtimoiy masofa saqlanishi haqida ma’lum qildi.

14-mart kuni joriy etilgan karantin yana kamida ikki hafta amal qilishi kutilmoqda.

Shu onga qadar Ispaniyada 170 ming odam virus yuqtirgan, salkam 18 ming odam o’lgan.

TURKIYA

Turkiyada bilim-yurt va hunar markazlari koronavirusga qarshi kurashga o’z hissasini qo’sharkan, minglab maskalar tayyorlamoqda. Xususan, Istanbuldagi uchta ana shunday muassasaning 135 ta o'qituvchisi kuniga 15 ming dona niqob chiqaryapti.

Turkiyada jamoat joylarida, masalan, supermarketlarda niqob taqish shart. Hukumat ularni bepul tarqatyapti. 11-apreldan boshlab Istanbul jamoat transportida ham yo’lovchilar shu qoidaga amal qilishi kerak.

Shu onga qadar Turkiyada koronavirusga chalinganlar 57 mingdan oshgan, 1200 dan ortiq odam o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG