Breaking News

Afg'on mulozimlari va faollar General Do'stumni himoya qilib chiqdi


Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” (HRW, Xyuman Rayts Votch) tashkiloti 31-iyul kuni chiqargan bayonotda Afg’oniston Vitse-prezidenti General Abdul Rashid Do’stumga sodiq kuchlar Faryob viloyatida oddiy odamlarni qatl etgani da’vo qilingan.

Unda Afg’oniston hukumati bu jangchilarni jazolashi kerak degan talab ilgari suriladi. Lekin Faryob hokimi Sayid Anvar Sodot, mahalliy faollar va harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari bu ma’lumot noto’g’ri ekanini aytadi.

“Junbishi Milliy” partiyasi rabari General Abdul Rashid Do’stum G’arbda urush jinoyatlarida ayblanib kelmoqda. Tolibon tizimi ag’darilganidan so’ng asir olingan jangarilar qatliom qilingani xususidagi ayblovlar hanuz keng tarqalgan.

"Faryobdagi voqea uning kuchlari yillar davomida sodir etgan vahshiyliklarning eng so'nggisi", - deydi HRW tadqiqotchisi Patrisha Gossman.

Bundan oldin ham mahalliy matbuotda xuddi shunday voqealar sodir etilgani iddao qilingan edi. “Pashtunlar qatl etilmoqda, buning oldi olinishi kerak”, degan edi tanqidchilar.

Lekin huquq tashkiloti ayblovlari rad etilmoqda. “Hujjatlar bo’lsa tegishli idoralarga topshirishsin”, deydi Do’stum tarafdorlari.

Faryob va Juzjon viloyati rasmiylari matbuot ajnumani uyushtirib, ayblovlarni siyosiy fitna deya qoraladi.

Juzjon hokimi Lutfullo Aziziy HRW bayonotini g’ayrimantiqiy deya ta’riflaydi.
“Jangda taslim bo’lganlar hanuz Juzjonda. Vitse-prezident General Abdul Rashid Do’stum ularga yaxshi qarayapti. Uy-joy, oziq-ovqat, hatto oilalarining nafaqasini to’lab turibdi. Jangda taslim bo’lganlar bilan shunday yondashilsa, oddiy odamlarga qanday qilib zarar yetkazishi mumkin?” - deydi Aziziy.

Hokim so’zlariga ko’ra, asirlarning aksariyati pashtunlar. Huquq tashkiloti iddaosi ham pashtunlar qatl etilayotgani haqida.

Pashtun elatiga mansub Mavlaviy Fayoz Do’stumni boshqa rahbarlarga ko’ra jonkuyar inson ekanini aytarkan, so’nggi ayblovlarni asossiz deydi. Pashtunlar namoyandaligida bu ayblovlarni rad etaman, deydi u.

“General Do’stum xalqqa nisbatan ichkuyar. Biz uni bir elatga mansub deb ayta olmaymiz va bir elatga mansub qilinishiga ham ruxsat bermaymiz. U butun Afg’oniston xalqiga mansub, xalq xizmatchisi. Uning faoliyatlaridan xalq rozi”, - deydi Fayoz.

Matbuot anjumanida nutq so’zlagan Juzjon viloyat kengashi a’zosi Jaloliddin Niyoziy xalqaro tashkilotlarni noto’g’ri ma’lumot tarqatib, afg’onlar orasiga nifoq solishga urinayotganlikda ayblaydi.

“Human Rights Watch” bu qilmishi bilan Do’stumning ichki raqiblari yordamida uning siyosiy roliga putur yetkazmoqchi bo’lgan, deydi Abdulqadir Haydariy ismli mahalliy fuqarolardan biri.

Qudratullo Vatan ismli yigit Do’stumning yana bir tarafdori:

“Bu siyosiy bir mavzu. General Do’stumning raqiblari uning ijtimoiy-siyosiy ichonchiga raxna solmoqchi bo’ladilar. Menimcha ular bunday maqsadlariga erisha olmaydi”.

“Junbishi Milliy” partiyasi tarafdorlari Afg’oniston hukumatidan yolg’on ma’lumot chiqarib aholi birdamligiga zarba beruvchi tashkilot va guruhlarga jiddiy yondashishni so’radi. Agar hukumat bu borada befarq bo’lsa, norozilik namoyishi uyushtirishlaridan ogohlantirmoqda.

Afg’oniston inson huquqlari tashkiloti mavzu jiddiy o’rganilishini so’raydi. Ayblovlarni rad ham etmaydi, lekin tasdiqlay ham olmaydi.

XS
SM
MD
LG