Breaking News

Dronlar qishloq xo'jaligida asqatmoqda


Dehqonlar uchun dronlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Dehqonlar uchun dronlar

Yaqingacha faqat harbiylar yoki mutaxassislar tomonidan qo’llangan kichik havo apparatlari endi turli jabhalarda qo’l kelmoqda. Dronlar hozir arzon, ulardan qutqaruv ishlarida, dehqonlar, havodan video tasvirga tushirishda qo’llanilmoqda. Masalan, Fransiyadagi bir kompaniya dronlar yordamida dalalardagi ekinlarni kuzatmoqda.

Kompyuter texnologiyalarining tez rivojlanishi, sun’iy yo’ldosh navigatsiyasi, yangi materiallar, tasvirni elektron signalga o’giruvchi moslamalar va hatto smartfonlar so’nggi 10 yilda tadqiqotchilar va ixtirochilarga kichikroq va arzonroq, yerdan turib boshqariluvchi uchish apparatlarini ishlab chiqishga imkon berdi.

Dronlar kino sanoatida chiroyli tasvirlarni tushirishga, tarixchi va arxeologlarga qadimiy obidalarni o’rganishda yordam bermoqda. Qutqaruvchilar esa ofat zonalarida omon qolganlarni qidirish ishlarida dronlardan foydalanmoqda.

Fermerlar ham bo’sh kelmayapti. Apparatlar ekinlarni kuzatishda qo’l kelmoqda.

Fransiyalik tadbirkor Roman Faru ularni dehqonchilikda sinovdan o’tkazdi. U tashkil qilgan kompaniya Agridron deb nomlangan yengil apparatlar ishlab chiqaradi. Ular maxsus optik sensorlar yordamida dalalardagi ahvolni tekshiradi.

“Bu smartfonlar ishlatadigan texnologiya bilan bir bo’lib, farqi shundaki, ularning qanoti bor. Smartfonlar va planshetlar uchun elektron qismlarning ommaviy ravishda ishlab chiqilishi ularning hamda GPS qismlarining arzonlashishiga sabab bo’ldi”.

Maxsus kompyuter programma dronning butun dala bo’ylab uchish marshrutini tayyorlaydi, sensor esa ekinlarga tushgan Quyosh nurining qizil, yashil va ikki xil infraqizil qatlamlarini yozib oladi.

Fermer Jan Baptist Bruggemanning aytishicha, dronlarni ekin mavsumining turli pallalarida uchirib, olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali ekinlar haqida ko’p narsa bilsa bo’ladi.

“Dronlar qancha o’g’it solish kerakligini aniqlashda yordam beradi. Ekin ehtiyojiga qarab dalaning biror muayyan joyiga kerakli miqdorda o’g’it solinsa, hosil yig’ib olingandan so’ng tuproqda azot miqdori kam qoladi. Bu esa tabiatga foyda”, - deydi u.

Agridron apparati dalaning ayrim qismlarida o’g’itni kamroq solish kerakligini ko’rsatib, pulni tejashga, ekologiyani avaylashga hissa qo’shadi. Bungacha fermerlar o’g’itni ekin maydoniga bir xil solardi.

Dronlar vaqt tejashga ham yordam beradi, chunki bir daqiqada ular uch gektargacha bo’lgan maydonni o’rganib chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG