Breaking News

Dominik Stross-Kanga qarshi yana bir ayblov, bu safar Parijda


32 yoshli Tristan Banon qariyb to'qqiz yil oldin Dominik Stross-Kan unga jinsiy bosim o'tkazganini da'vo qilmoqda.
32 yoshli Tristan Banon qariyb to'qqiz yil oldin Dominik Stross-Kan unga jinsiy bosim o'tkazganini da'vo qilmoqda.

Kristin Lagard Fransiya moliya vaziri sifatida lavozimini tashlab, Vashingtonda Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari sifatida ish boshlar ekan, Parijda yangi bir mashmasha.

Jamg'arma sobiq direktori, jinsiy zo'ravonlik aybi hibsga olingach ishdan bo'shagan Dominik Stross-Kan 2002 yilda bir jurnalist ayolga tajovuzda gumon qilinmoqda. Arbob 1997-99 yillarda Fransiya moliya vaziri edi.

Stross-Kan may oyi boshida Nyu-Yorkdagi katta mehmonxonada farrosh ayolga tashlanib, uni zo'rlashga uringanlikda ayblangan, bir necha kun panjara ortida o'tirgan va keyin millionlab dollar tovon evaziga qo'yib yuborilgan edi.

Sud ishi boshlanishi kutilayotgan bir paytda prokuratura jabrlanuvchidan shubhalana boshladi.

Afrikalik bu muhojir ayol Amerikada yolg'on ma'lumotlar asosida yashayotgani ma'lum bo'ldi, deyiladi prokuratura bergan ma'lumotda. Shuningdek, bu juvon guvohlik berganida haqiqatni yashirgan bo'lishi mumkin degan taxminlar ham bor.

Tergov ishi davom etar ekan, sud Stross-Kanni huzuriga chaqirib, uni tovondan va boshqa cheklovlardan ozod etdi. Hozirda unga qo'yilayotgan yagona talab - AQShni tark etmaslik.

Oradan uch kun o'tib, 32 yoshli Tristan Banon qariyb to'qqiz yil oldin Dominik Stross-Kan unga jinsiy bosim o'tkazganini da'vo qilmoqda.

Banon xonimning advokati David Kubbi deydiki, bu ishning Nyu-Yorkdagi mashmashaga aloqasi yo'q. Amerika adliyasi boshqa, Fransiyaniki boshqa, deydi u.

Stross-Kanning advokatlari esa Banon xonimni tuhmatda ayblab sudga berishga tayyor. Tristan Banonning onasi Anna Mansure Sotsialistik partiyaning nufuzli a'zolaridan va bir paytlar Stross-Kan bilan yaqin do'st bo'lgan.

Stross-Kan ayblovlardan oqlansa, Sotsialistik partiya nomzodi sifatida prezidentlikka saylanish uchun harakat qilishi mumkin.

Parijdan tahlilchi Nikol Basharan deydiki, Stross-Kan bu sud ishidan omon chiqsa, siyosiy maydonda oshig'i olchi bo'lsa ajabmas.

"Tuhmat va yolg'on ayblovlar bilan nelarni boshidan kechirmagan begunoh bir arbob sifatida gavdalanib, xalq ko'ngliga yo'l topishi mumkin", - deydi sharhlovchi.

Boshqa bir ekspert Stiven Ekovich fikricha esa buning aksi ham bo'lishi ehtimoldan xoli emas.

"Nazarimda fransuzlar bunday mashmashalardan to'yib ketgan. Siyosatchilar qachon esini yig'ib oladi, xotinbozlik qilmay, saylanish uchun bergan va'dalarini bajaradi deb norozi bo'lib yurgan fuqarolar ko'p", - deydi u.

Tristan Banonning onasi Anna Mansure qizi yilllar oldin Stross-Kandan nolib kelganida uni bu haqda og'iz ochmaslikka ko'ndirganini aytmoqda.

"Endi bundan afsusdaman",- deydi u.

Huquqshunoslar nazarida Banon xonim sudga arz qilgan taqdirda ham jarayon yillab davom etishi mumkin.

XS
SM
MD
LG