Breaking News

Misr rahbari sarmoya so’rab Saudiya Arabistoniga otlanmoqda


Misrda yaqinda lavozimga kirishgan prezident Muhammad Mursiy xorijga ilk safarini Saudiya Arabistonidan boshlamoqda. Siyosatdonlar deydiki, yangi rahbar mintaqadagi eng boy, sunniy arab mamlakatini tanlagani bejiz emas.

11-iyul kuni Muhammad Mursiy Saudiya Arabistoniga otlanmoqda. Qirol Abdulla bilan muloqotda bo’ladi, shuningdek, Makka shahriga yo’l olib, Umra ibodatini ado etadi.

Misr sobiq prezidenti Husni Muborak davrida Al-Saud qirolligi bilan munosabatlar iliq edi.

Siyosatshunos Hisham Qosim fikricha, ikki mamlakat o’rtasida do’stona aloqalar bundan keyin ham davom etadi, chunki har ikki tomon bundan manfaatdor.

Misrda iqtisodiy ahvol og’ir, ishsizlik darajasi yuqori ekan, Muhammad Mursiy oldidagi asosiy vazifa Saudiya Arabistonidan sarmoyadorlarni, xususiy bizneslarni o’z mamlakatiga jalb etishdir, deydi Fors ko’rfazi tadqiqot markazi rahbari Abdulaziz Sag’ir.

“Buning uchun Mursiy Misr investorlar uchun xavfsiz va barqaror ekaniga ishontira olishi kerak. Bundan tashqari, misrlik minglab mehnat muhojirlari qirollikda ishlab non topayapti. Ular oilalariga yuborayotgan pul iqtisodiyotni tebratadi. Bu boradagi kelishuvlar ham muhokama etilishi aniq”, - deydi tadqiqotchi.

Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni Misrga 4,5 milliard dollarga teng iqtisodiy ko’mak ko’rsatishga tayyor. Jidda shahrida asoslangan Islomiy taraqqiyot banki oziq-ovqat va energetika sanoatini rivojlantirish uchun Misrga 1 milliard dollar mablag’ ajratmoqda. O’tgan hafta bu borada kelishuv imzolangan.



Hisham Qosimning aytishicha, uzoq vaqt Musulmon Birodarlar a’zosi bo’lgan prezident Mursiy uchun Saudiya Arabistoni islomiy moliya manbai hamdir.

“Uning siyosiy-diniy qarashlari xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni man etadi. Shu bois ittifoqchi davlatdan shariat asosida iqtisodiy yordam olishga harakat qilishi turgan gap”.
Qohira
Qohira

Saudiya Arabistoni nuqtai-nazaridan esa Misrga kiritilayotgan sarmoya siyosiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqani Eron ta’siridan asraydi.

Misr rahbari hafta oxirida Afrika Ittifoqining qarorgohi joylashgan Efiopiyaga ham safar qilishi kutilmoqda. Nil daryosi, ma’lumki, sakkiz davlat hududidan oqib o’tadi. Qo’shnilar bilan do’stona munosabatlar suv tanqisligi bilan bog’liq muammolarni hal qilishda yordam beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG