Meksika qamog’idan ikki bor qochgan narkobaron Xoakin Gusman ustidan Nyu-York shahrida sud bo’lishi kutilmoqda. “Sinaloa” narkokartelining “El Chapo” taxallusi bilan tanilgan rahbari 19-yanvar kuni AQShga topshirildi.

Gusman Amerika qamog’idan ham qochib ketaman, deya maqtanmoqda.

"Gusman 200 tonnadan ortiq kokainni Amerikaga yuborgan. 7,5 tonna kokain va geroin musodara qilingan, shundan 4 tonnasi Nyu-Yorkning sharqiy rayonida”, - deydi rayon prokurori Robert Keypers.

Sobiq prokuror, hozir esa CNN telekompaniyasida yuridik sharhlovchi Pol Kellenning aytishicha, Adliya vazirligi Gusman ishini bekorga Nyu-Yorkka topshirmagan.

“Nyu-York nomi chiqqan ayblanuvchilarni sud qilish uchun qulay joy. Sud binolari va tergov izolyatorlarining xavfsizligi yaxshi ta’minlangan, shahar sudi bu kabi jinoiy ishlar bo’yicha matbuot bilan qanday ishlashni yaxshi biladi”, - deydi u.

Gusmanga Bruklin federal sudida ayblov qo’yilganidan so’ng uni qattiq himoyalangan 12 qavatli shahar hibsxonasiga joylashtirishdi. Bu hibsxonada al-Qoida agentlari ham saqlangan.

Sobiq jurnalist Selvin Raab turli jinoyatlarni yoritish jarayonida hibsxonaga ko’p marotaba borgan. U yerdan qochib bo’lmaydi, deydi u.

“Gusman 24 soatli nazorat ostida bo’ladi. Nazoratsiz hojatxonaga ham borolmaydi, hammomga ham tusholmaydi”, - deydi Raab.

Hibsxona Manxetten rayonining moliyaviy mavzesida joylashgan. Bu mamlakatdagi eng kuchli himoyalangan turmalardan biri bo’lib, uning 42 yillik tarixida undan bir necha odam qochgan, xolos. Shunga qaramay, nyu-yorkliklarning ba’zilari Gusmanning shaharda ekanidan xavotirda.

“Federal hukumatga qarashli bu binoda nazorat kuchli ekanidan, unga kirayotgan barcha mashinalar sinchkovlik bilan tekshirilishidan xabarim bor. Ammo narkokartellar biror ishga qo’l ursa, uddasidan chiqishga o’rgangan”, - deydi Manxettenda ishlovchi Jan Yang ismli bu ayol.

“Hibsxona xodimlarining malakasidan shubha yo’q, albatta. Ammo Gusmanning bungacha ikki bor qochganini hisobga olsak, sud tezroq o’tib, uni qamoqqa jo’natishlarini kutib qolamiz”, - deydi Lyuk Valente.

Ba’zi taxminlarga qaraganda, meksikalik narkosavdogar hibsxonaning “Kichik Guantanamo” deya tanilgan, qattiq xavfsizlik choralari ko’rilgan qismida saqlanmoqda, biroq Adliya vazirligi xavfsizlik sabablari bois buni izohlashdan bosh tortmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG