Breaking News

Texasning El-Paso shahri migrantlar kelishiga hozirlanmoqda


El-Paso shahri, Texas shtati

Markaziy Amerikaning uch qashshoq davlatidan AQShga yo’l olgan migrantlar yana yuzlab kilometr masofani bosib o’tishi kerak. Ular zo’ravonlik va qashshoqlikdan qochayotganini aytadi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 7000 dan ziyod askarga ularni chegaradan o’tkazmaslikni buyurgan. Chegaradan o’tganlarning bir qismi Texas shtatining El-Paso shahrida qo’nim topishi mumkin.

Minglab migrantlarning mashaqqatli sayohati qayerda tugashi hozircha noaniq. AQSh-Meksika chegarasida ularni qo’shinlar kutmoqda. Texasliklar ba’zi siyosatchilarning migrantlarga qarshi saylovoldi tashviqotiga qo’shilmaydi.

“Bizni mehmondo’st va mehribon deb bilishadi, El-Pasoni shu jihati uchun yaxshi ko’raman”, - deydi Melani Garsiya ismli ayol.

Texasning g’arbiy qismi, Nyu-Meksiko shtati hamda Meksikaning Syudad-Xuares shahrida yashovchi odamlar o’rtasida oilaviy va madaniy aloqalar bor. Har yili chegara hududida o’tkaziladigan diniy marosimda Amerikada boshpana olish orzusi bilan nobud bo’lgan odamlar xotirlanadi. Migrantlarga eshiklarimiz ochiq, deydi odamlar.

“Migrantlar uchun turar-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak hozirlashmoqda. Axir qish yaqinlashmoqda”, - deydi meksikalik jurnalist Luis Torres.

“Ularning vatanidagi turmushi qanday ekanini, qanday qiyinchiliklar bilan yuzlashishayotganini bilamiz”, - deydi El-Pasodagi cherkov ruhoniysi Marko Rapozo.

El-Paso Texasning eng xavfsiz shahri deb e’tirof etilgan. Mamlakat bo’ylab esa xavfsizlik bo’yicha yettinchi o’rinda. Shaharda ko’plab demokratlar yashasa-da, Prezident Trampning chegarani mustahkamroq qilish va migrantlarni Amerikaga kiritmaslik siyosati tarafdorlari ham bor.

“7000 migrant ketidan yana 7000 odam keladi, keyin esa yana 7000. Mamlakatga qancha odam kiritilishini cheklash zarur”, - deydi Ian Valdes.

Tramp ayni damda Meksika poytaxti Mexikoga yetgan migrantlarni AQShga tahdid deb biladi. Biroq ayrim el-pasoliklar buni saylovoldi hiyla, deydi.

“Ikki qo’shni mamlakat bu muammoni birgalikda hal qilishga harakat qilishi zarur. Ikki o‘rtada qo’shimcha to’siqlar o’rnatish bilan ish bitmaydi”, - deydi shaharliklardan biri.

Texasning Makallen shahrida Meksika bilan chegarada tikanli simdan iborat to’siqlar o’rnatilmoqda. Migrantlarning bir qismi Mexiko va Meksikaning boshqa shaharlarida qolishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG