Breaking News

Xeyzltonning muhojir aholisi noyabrda kimga ovoz beradi?


2011-yildan beri Kongress Vakillar palatasida Respublikachilar partiyasidan qonunchi Luis Barletta endi Senatdagi o’rin uchun kurashmoqchi. Uning raqibi salkam 11 yillik demokrat senator Bob Keysi.

“Amerika Ovozi” muxbiri Pensilvaniya shtatining Xeyzlton shahrida bo’lib, mahalliy saylovchilarni qiziqtirayotgan mavzulardan biri - immigratsiya haqida gaplashdi.

Xeyzltonning muhojir aholisi noyabrda kimga ovoz beradi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

“Men Xeyzltonda tug’ilib, o’sganman. Shahar bir necha yilda qiyofasini o’zgartirdi”, - deydi Xeyzlton politsiya boshqarmasi sobiq boshlig’i Frenk DeAndrea.

Shahar tipidagi posyolka Filadelfiyadan 130 kilometr narida joylashgan bo’lib, 25 ming aholiga ega. Shulardan yarmi latinolar. 2000-yilda ular Xeyzlton aholisining atigi besh foizini tashkil etardi.

Latinolarning ko’payishi ba’zi odamlarni xavotirga soldi, deydi DeAndrea.

“Qo’rquv yomon narsa. Vahima nafaqat bir odamni, balki butun jamoani bossa, bundan yomoni yo’q. Qo’rquv – taraqqiyot yo’lidagi katta g’ov”, - deydi u.

Xeyzltonga 10 yil oldin merlik qilgan kongressmen Luis Barletta senator bo’lmoqchi, shtatda noqonuniy immigratsiyaga qarshi qattiq kurashmoqchi.

“Men amerikaliklarni xorijliklardan ustun qo’yaman, Barletta ham shunday”, - deydi Konni Kreymi ismli saylovchi.

U uyma-uy yurib, odamlarni Barlettaga ovoz berishga undamoqda. Kreymi o’zini konservativ respublikachi latino deb ataydi.

“Agar amerikalik bo’lishni istasangiz, bu yurtga qonuniy kelib, ish topishingiz, inglizchani o’rganishingiz lozim. Buni irqchilik yoki kamsitish deb bilmayman”, - deydi u.

Biroq xeyzltonliklarning hammasi ham immigratsiyaga qarshi emas.

“Ancha yillar oldin ko’p odam bu yerga Irlandiyadan, Italiyadan kelganini unutmaylik. Barchasining shaharda o’z mahallalari bo’lgan edi, ammo hammasi bir-biri bilan til topishib ketgan. Bunga vaqt kerak”, - deydi Doroti Jorj.

Bob Karri har hafta mingdan ortiq bola bilan maktabdan so’ng shug’ullanuvchi guruhga asos solgan. Uning aytishicha, jamoalarni bir-biridan ajratish to’g’ri emas.

“Masalan, shu yerda tug’ilib o’sgan Jonni muhojir Xose bilan bir jamoada beysbol o’ynasa va bu jamoa g’alaba qozonsa, hech kim Xosega “kelgan joyingga qaytib bor” deb aytmaydi”, - deydi Karri.

Noyabrda bo’ladigan saylovda xeyzltonliklar qanday ovoz berishi hozircha noma’lum. Noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash tarafdori bo’lgan respublikachi Luis Barlettani bu yerda yaxshi tanishsa-da, so’nggi yillarda shaharning muhojir aholisi soni oshgan.

“Mahalliy siyosatga aralashib, siyosatchilar bilan uchrashib, saylovda faol qatnashib turishimiz kerak”, - deydi Amilkar Arroyo.

Ko’p narsa latino saylovchilar qanday ovoz berishiga bog’liq bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG