Breaking News

Terrorizm va xavfsizlik - amerikalik saylovchi uchun dolzarb


Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar
Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar

Amerikada o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, terrorizm va milliy xavfsizlik saylovchilar uchun eng dolzarb mavzular. Ayniqsa Fransiyaning Parij va Kaliforniya shtatining San-Bernardino shaharlaridagi xurujlardan so'ng amerikaliklar terrorizmni yenga oladigan, xavfsizlikni ta'minlay oladigan nomzodni prezidentlikka saylamoqchi.

Respublikachi da'vogarlar orasida Donald Tramp peshqadam. Bu partiya tarafdorlari terrorizmga qarshi kurashda Trampni boshqa nomzodlardan layoqatliroq deb biladi.

“Nomzodni muomalasiga qarab baho berish mavridi emas hozir. Saylovda da'vogarlarning layoqati, aqli, irodasiga qarash kerak. Aks holda mamlakatimiz bitdi deyavering", - deydi tadbirkor.

Biroq so'nggi teledebatda uning raqibi Jeb Bush Trampni prezidentlikka noloyiq dedi.

“Agar prezident bo'lsam, men bosh tashviqotchi yoki odamlarni ajratuvchi emas, balki haqiqiy oliy qo'mondon bo'laman. Mening boshqaruvim ostida mamlakatimiz ancha xavfsiz bo'ladi", - dedi Bush.

Ayrim tahlilchilar Bush kabi nomzodlar xavfsizlikka urg'u bersa, ishi yurishadi, deb o'ylagan edi, ammo bunday bo'lmadi, deydi ekspert Stuart Rotenberg.

“Tashqi siyosatdagi inqirozli masala yoki mudofaa va milliy xavfsizlikka aloqador biror voqea tashqi siyosat va milliy xavfsizlik masalalarida sal bo'lsa-da tajribasi bor nomzodlarga qo'l kelishi mumkin. Biroq hozircha bunday vaziyatdan eng maqtanchoq, eng baqiroq nomzod foyda ko'rmoqda va bu Donald Trampdir”, - deydi Rotenberg.

Demokrat da'vogarlar orasida esa xavfsizlikka doir mavzular Xillari Klintonga raqibi Berni Sanders oldida ustunlikka erishishga yordam beryapti.

Klinton "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi harbiy kampaniyani jadallashtirishga chaqirmoqda. U ayrim respublikachi nomzodlarning bu boradagi strategiyasini tanqid qildi.

“Sahroga bomba yog'dirish va'dasi da'vogarni kuchli qilib ko'rsatmaydi. Aksincha, ularning vaziyatdan bexabar ekanidan nishona bu”, - deydi Klinton.

Demokrat nomzodlarning so'nggi teledebatida Berni Sanders "Islomiy davlat"dan kelayotgan tahdid mavjudligini tan olgan holda o'tmish xatolarini takrorlamaslik zarur, dedi.

“AQSh yetakchi rol o'ynashi lozim, biroq butun dunyoga mirshablik qila olmaymiz, Yaqin Sharqdagi davomiy urushlarga aralashmasligimiz kerak”, - dedi Sanders.

Demokratlardan yagona nomzodni tanlashga qaratilgan ichki saylovlarda terrorizm va xavfsizlik bo'yicha munozaralar Klintonga qo'l kelishi mumkin. Ammo asosiy saylovda Klinton o'zini Prezident Obama siyosatidan uzoqroq tutishi kerak, deydi tahlilchi Jon Fortye.

“Tashqi siyosatda prezidentning reytingi o'ta pastlab ketgan. Terrorizm va, umuman, tashqi siyosatda u zaif rahbar deya ko'rilmoqda. Respublikachilar bundan unumli foydalanishi mumkin”, - deydi ekspert.

Fevral oyida nomzodlarni saralashga qaratilgan Ayova va Nyu-Gempshir shtatlaridagi tadbirlar da'vogarlar uchun ilk haqiqiy sinov bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG