Breaking News

AQShda saylovchilar kollegiyasi Bayden g'alabasini muhrladi


Michigan shtati Oliy sudi bosh sudyasi Bridjet Meri Makkormak shtat qonunchilik idorasida saylovchilar kollegiyasi a'zolaridan qasamyod qabul qilmoqda. 14-dekabr, 2020-yil
Michigan shtati Oliy sudi bosh sudyasi Bridjet Meri Makkormak shtat qonunchilik idorasida saylovchilar kollegiyasi a'zolaridan qasamyod qabul qilmoqda. 14-dekabr, 2020-yil

AQShning barcha shtatlarida 3-noyabr kungi prezident saylovida berilgan ovozlar hisoblanib tasdiqlanishi ketidan saylovchilar kollegiyasi a’zolari bugun o’z shtatida ovoz berib, Demokratik partiyadan saylovda nomzod bo’lgan Jo Bayden g’alabasini muhrladi.

Aksariyat shtatlarda saylovchilar kollegiyasi a’zolari shtat qonunchilik organi binosida to’planib ovoz berdi, Nevada shtatida ular Zoom ilovasi orqali konstitutsion burchini bajardi. Ayrim shtatlarda ehtiyot shart xavfsizlik choralari ko’rilib, kollegiya a’zolari kengash binosigacha xavfsizlik kuchlari hamrohligida yetib bordi.

Saylovda qonunbuzarliklar va soxtalashtirish holatlari bo’lganini da’vo qilayotgan Prezident Donald Tramp va ayrim respublikachi qonunchilar saylovchilar kollegiyasining bugun bergan ovozlariga qaramay, Baydenni g’olib sifatida ko’rishdan bosh tortmoqda, saylov natijalari bo’yicha Tramp shtabi va tarafdorlari tomonidan sudlarga yo’llangan shikoyatlar birin-ketin inkor etilmoqda.

AQSh qonuniga ko’ra, saylov kuni saylovchilar bevosita prezident va vitse-prezidentga emas, saylovchilar kollegiyasiga ovoz beradi. Har bir shtatda kollegiyachilar soni shu shtatdan Kongressga saylangan qonunchilar soniga teng.

Masalan, Kaliforniya shtatidan Kongressga 55 ta vakil saylangan, demak bu shtatda saylovchilar kollegiyasiga ham 55 ta a’zo tayinlanadi.

Saylov kuni shtatda qaysi nomzod eng ko’p ovoz olsa, shu shtatdagi saylovchilar kollegiyasining barchasi g’olib hisobiga yoziladi. Mamlakat bo’ylab kamida 270 ta kollegiyachiga ega bo’lgan nomzod saylovda g’alaba qozonadi. Saylov yilining dekabr oyi o’rtasida bo’ladigan ovoz berishda ana shu kollegiyachilar saylov kuni shtatda g’alaba qozongan nomzodga ovozlarini berishi kerak. Ya’ni bugun.

Masalan, saylovchilar kollegiyasining Texas shtatidagi 38 ta a’zosi bugun Trampga ovoz berdi. Saylov kuni Tramp bu shtatda Baydenga qaraganda 630 mingga ko’p ovoz olgan.

3-noyabr kuni Baydenga eng ko’p ovoz bergan Nyu-York shtatida esa saylovchilar kollegiyasiga 29 kishi, jumladan sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq senator va 2016-yilgi saylovda Trampga mag’lub bo’lgan nomzod Xillari Klinton tanlandi. Bayden bu shtatda salkam ikki million ovoz farq bilan g’alaba qozondi. Tramp Nyu-Yorkni 2016-yilda ham boy bergan edi. Bill Klinton o’shanda ham saylovchilar kollegiyasiga tanlanib, o’z ovozini rafiqasiga bergan.

20-yanvar kuni AQShning 46-prezidenti sifatida qasamyod keltirishi kutilayotgan Bayden saylovda saylovchilar kollegiyasining 306 ovozini qo’lga kiritdi, umummamlakat hisobda Trampdan 7 milliondan ko’p ovoz to’plagan.

Saylovchilar kollegiyasiga shu shtatda g’alaba qozongan nomzod partiyasiga aloqador insonlar tanlanadi. 17 shtatda kollegiyachilar saylov kuni shtatda g’olib bo’lgan nomzodga ovoz berishi shart emas. Masalan, 2016-yilda Texas shtatida Tramp eng ko’p ovoz olganiga qaramay, saylovchilar kollegiyasining 38 a’zosidan ikkisi o’z ovozini partiyaviy saylovda Trampga boy bergan nomzodlarga berdi.

Saylovchilar kollegiyasi a’zolarining bergan ovozlari endi Kongressga yuborilib, 6-yanvar kuni quyi (Vakillar palatasi) va yuqori (Senat) palatalarning vitse-prezident Mayk Pens raisligidagi qo’shma sessiyasida hisoblanadi.

Qonunga ko’ra, shu kuni qonunchilar saylov natijalariga e’tiroz bildirishga haqli. Shikoyat rasmiylashtirilishi ketidan qonunchilar ikki soat munozara qilib, masalani ovozga qo’yadi. Oliy sud va quyi sudlardan Baydenni g’alabadan ayirishda yordam ololmagan Tramp tarafdorlari 6-yanvarda bo’ladigan jarayonga umid qilmoqda. Vakillar palatasida demokratlar ustun, Senatda esa respublikachilar, biroq respublikachi senatorlarning bir qismi Trampning ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi da’volarini jiddiy qabul qilmayapti, demak masala ovoz berishgacha borgan taqdirda ham respublikachilar bir yoqadan bosh chiqarib ovoz bermasligi mumkin.

Bugun saylovchilar kollegiyasiga tanlangan faollarning ovoz berishi ketidan Jo Bayden televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, “Amerikaning yuragi uchun bu kurashda demokratiya g’alaba qozondi”, dedi.

Unga ko’ra, AQShda saylovga, demokratik institutlarga ishonch saqlanib qoldi.

Bayden unga kim ovoz bergani yoki bermaganidan qat’i nazar, barcha amerikaliklarning prezidenti bo’lishga so'z berdi.

Bayden saylovchilar koronavirus pandemiyasiga qaramay faol bo’lganiga urg’u berarkan, saylovda rekord miqdorda fuqaro qatnashganiga e'tibor qaratdi.

“Men saylovchilar kollegiyasining 306 ovozini qo’lga kiritdim. 2016-yilda Donald Tramp hisobida ham shuncha ovoz bor edi. O’shanda Tramp o’z g’alabasini so’zsiz deb atagan edi. U ham mening g’alabamni shunday deb tan olishini hurmat bilan so’rayman”, - dedi Bayden.

Oq uydagi ayrim manbalarga ko’ra, mag’lubiyatini tan olishdan bosh tortib kelayotgan Tramp Baydenning inauguratsiya marosimida qatnashmasligi ham mumkin.

Saylovchilar kollegiyasi nima?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:18 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG