Breaking News

Dag Emxoff - Amerikaning bo’lajak birinchi “ikkinchi janobi”


Kamala Harris va turmush o'rtog'i Dag Emxoff

Jo Bayden prezidentlikka tasdiqlanishi bilan Kamala Harris vitse-prezidentlikka saylangan ilk ayol bo’ladi. Uning turmush o’rtog’i Dag Emxoff AQSh tarixida “ikkinchi janob” unvoniga ega ilk erkak bo’ladi.

Dag Emxoff - Amerikaning bo’lajak birinchi “ikkinchi janobi”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

AQShda vitse-prezidentning rafiqasi odatda “ikkinchi xonim” deb ataladi, biroq vitse-prezident ayol kishi bo’lsachi? Vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Xarrisning turmush o’rtog’i Dag Emxoff Oq uyda “ikkinchi janob” rolini bajaruvchi ilk erkak bo’lmoqda.

Indiana shtatidagi bir universitet dotsenti Sara Rouli bu holatni jinsiy tenglik yo’lidagi muhim qadam deb biladi, ammo haqiqiy tenglikka erishish uchun hali ancha ishlar qilish kerak, deydi.

“Bu muayyan jins rollarining cheklanishiga qarshi o’nlab yil davomidagi feministik kurash natijasini aks ettirsa-da, hozirgi vaziyat bilan ilk bor yuzlashayotganimizni hisobga olganda hali ancha harakat qilishimiz kerakligini ko’ryapmiz. Bu ilk prezident saylovidan 232 yil o’tib, Konstitutsiyaning 19-tuzatishidan 100 yil o’tib, ayol kishining asosiy partiyadan prezidentlik va vitse-prezidentlikka nomzodi ilk bor qo’yilishidan 36 yil o’tib sodir bo’lmoqda”, - deydi olima.

Harrisdan tashqari 1984-yil, 2008-yil va 2016-yillarda ham asosiy partiyadan prezidentlik yoki vitse-prezidentlikka ayol kishi nomzod bo’lgan edi.

Konnektikut shtatidagi Nyu-Xeyven universiteti dotsenti Mettyu Shmidtning aytishicha, Dag Emxoff qolipga solingan fikrlarni ko’p taraflama parchalamoqda.

“Janob Emxoff o’z ishidan ketyapti. AQShning barcha birinchi va ikkinchi xonimlari ham shunday qilgan edi. Biroq Baydenning rafiqasi ishidan ketmayotganini ham ta’kidlash joiz. Janob Emxoff nasroniy emas. U yahudiy. Bu ham tarixda birinchi marta bo’lyapti. Emxoff birinchi turmush o’rtog’i bilan ajrashgan, Harris esa kech turmushga chiqdi. Emxoffning diniy va irqiy tomondan xilma-xil birinchi oilasidan farzandlari bor. “Momala” endi vitse-prezident bo’ladi”, - deydi Shmidt.

Harrisning o’gay farzandlari “ona” va “Kamala” so’zlarini birlashtirib, uni “momala” deb chaqirishadi.

Harris Bayden saylovda g’olib deb e’lon qilingan oqshom Emxoff bilan tushgan suratini “Twitter”dagi 11,5 million muxlisi bilan o’rtoqlashib, “Sevgilim bilan tanishing” deb izoh qoldirdi.

“Emxoff oilaviy roliga kirishmoqda. Saylov kampaniyasi paytida u Kamala Harrisga hamrohlik qilib, uni qanchalik sevishini ko’rsatdi, saylov davrida ularning sevgi hikoyasiga, Emxoffning qanday ota va er ekaniga ko’p urg’u berildi”, - deydi Sara Rouli.

Harris va Emxoff tengdosh bo’lib, 2013-yilda tanishishgan, bir yil o’tib oila qurishgan. Bu Harrisning birinchi, Emxoffning esa ikkinchi oilasi. Uning ikki farzandi 20 lardan oshgan. Emxoff ikkinchi janob sifatida qanday masalalar bilan shug’ullanishini hozircha bildirgani yo’q.

“Saylov kampaniyasidagi roliga qarab taxmin qilsa bo’ladi. Kampaniya paytida u, asosan, soyada edi, Oq uyda ham soyada bo’lishni afzal ko’radi degan fikrdaman”, - deydi Shmidt.

Ko’plar Harrisga namuna sifatida qaramoqda. Turmush o’rtog’ining ishini o’zinikidan ustun qo’ygan yurist Emxoffni ham ba’zilar shunday deb bilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG