Tigraylik isyonchilar Efiopiya armiyasiga qarshi mojaroda poytaxt Addis-Abbebani qo’lga kiritishga do’q-po’pisa qilarkan, ikki shaharni qo’lga olgan.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays BMT xodimlarining Efiopiya hukumati tomonidan ushlangani haqidagi xabarlarni quyidagicha izohladi:
“Agar xabarlar rost bo’lsa, BMT xodimlarining etnik kelib chiqishiga qarab hibsga olinganini qoralaymiz. Xodimlarning tigraylik ekani xabar qilinmoqda. Efiopiya xavfsizlik kuchlarining odamlarni elatiga qarab ta’qib etishi va hibsga olishini mutlaqo qabul qilmaymiz. Tigray Xalq ozodlik fronti jangarilarining o’ch olish maqsadida uyushtirayotgan hujumlarini ham qoralaymiz. Barcha taraflarni bunday harakatlarga chek qo’yib, inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilishga chaqiramiz”, - dedi rasmiy.
Prays AQSh maxsus vakili Jeffri Feltmanning ayni damda Addis-Abbebada ekanini aytarkan, Qo’shma Shtatlar Afrika Ittifoqining oliy vakili, Nigeriya sobiq prezidenti Olusegun Obasanjo harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi, dedi. Obasanjo BMT Xavfsizlik Kengashiga hisobotida Efiopiyada siyosiy yechimga erishish ehtimoli borligini va buning uchun vaqt g’animatligini aytdi.
“Addis-Abbeba va shimoldagi rahbarlar kelishmovchiliklar ortida siyosiy sabablar borligini va ular muloqot orqali siyosiy yechim talab qilishini tan olishadi”, - deydi siyosatchi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Misr tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvda Efiopiya masalasi muhokama etilganini aytdi.
“Efiopiya mojarosi Afrika Shoxi mintaqasida barqarorlikni tahdid ostiga qo’ymoqda. Biz nizoga aralashgan barcha taraflar va mintaqadagi hamkorlar bilan muloqotdamiz, ularni sulhga erishish maqsadida shartsiz muzokara boshlashga undayapmiz”, - dedi Blinken.
Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, hukumat Efiopiyani tark etmoqchi bo’lgan amerikaliklarga yordam berishga tayyor.
Facebook Forum