Breaking News

Uyg’ur diasporasi uyg’ur tashkilotining terror ro’yxatidan olinganini olqishlamoqda


Xorijda yashovchi uyg’ur faollari va mutaxassislari “Sharqiy Turkiston islomiy harakati” (ShTIH) tashkilotining AQSh tuzgan terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan o’tgan oy chiqarib tashlanishini ijobiy qarshiladi.

Ularga ko’ra, bunday qadam Xitoydagi etnik ozchilikdagi bu guruh vakillariga o’z diniy huquqlari uchun samaraliroq kurashishga yordam berish bilan bir qatorda Xitoyning Shinjonda musulmonlarga qarshi zug’umini aksilterror chora deb ko’rsatish harakatlarini qiyinlashtiradi.

“Xitoy hukumati uyg’ur tashkilotlari va shaxslarini xalqaro platformalarda terrorchi deb tamg’alashga ma’lum darajada muvaffaq bo’ldi,” - deydi Myunxendagi “Jahon uyg’urlari kongressi” (JUK) tashkilotining a’zosi Ilshat Hasan Ko’kbo’re.

Xitoy guruhni “Sharqiy Turkiston terrorchi kuchlari”ga aloqadorlikda ayblab keladi.

“Sharqiy Turkiston islomiy harakati” 1997-yilda Pokistonda 33 yashar uyg’ur millatiga mansub diniy faol Hasan Mahsum tomonidan tashkil etilgan. Afg’oniston-Pokiston chegara hududida o’nlab uyg’ur jangarilariga bosh bo’lgani aytilayotgan Mahsum 2003-yil oktabrida Pokiston armiyasining dron hujumida o’ldirilgan.

Qo’shma Shtatlar ShTIHni Xitoyda o’t qo’yish, qotillik, avtobus, kinoteatrlar, savdo markazlari, bozorlar va otellarni portlatish kabi terror harakatlarida ayblab, 2002-yil sentabrida uni terrorchi guruh deb e’lon qilgan. AQSh, Xitoy, Afg’oniston va Qirg’iziston hukumatlari da’vatlaridan so’ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham o’sha oydayoq shunday qaror qabul qilgan.

Joriy yilning 20-oktabrida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo tashkilotni terrorchilar ro’yxatidan chiqarishga ko’rsatma berdi. Qarorni izohlagan Davlat departamenti rasmiylaridan birining “Frans-Press” agentligiga aytishicha, so’nggi 10 yildan oshiq vaqt mobaynida ShTIHning mavjudligiga birorta ishonchli dalil topilmadi.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida Xitoy tarixi bo’yicha professor Jeyms Milvordning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qo’shma Shtatlar ShTIHni qora ro’yxatga qo’shayotganida Xitoy hukumati tavsiyanomasidagi matndan foydalanib, unda bayon etilgan barcha zo’ravonliklarni yoppasiga ShTIH hisobiga qo’shgan.

Mutaxassisga ko’ra, o’sha paytda Iroqqa qo’shin kiritish arafasida bo’lgan Qo’shma Shtatlar bu ish uchun Xitoy roziligini olish maqsadida uyg’urlar guruhini qora ro’yxatga kiritib, “sendan ugina, mendan bugina” qabilida ish tutgan.

“Dunyodagi ko’plab siyosiy tahlil markazlari hamda aksilterror bilan shug’ullanuvchi rasmiylar Shinjonda terrorizm haqida gapirganda ko’p hollarda AQShning ushbu qora ro’yxati va Xitoy Xalq Respublikasi tashviqotidan unumli foydalanib, vaziyatni hatto keskin qilib ko’rsatishga harakat qilgan”, - deydi Milvord.

Kanberradagi Avstraliya milliy universitetida Xitoy tarixi bo’yicha yana bir mutaxassis Maykl Klarkning aytishicha, Mahsum 2003-yilda o’ldirilganidan beri ShTIHda Xitoyga zarba berish salohiyati bo’lmagan. Shunga qaramay, Pekin xalqaro sahnada ozchilikdagi uyg’urlarga nisbatan siyosatiga xayrixohlikka erishish uchun guruh qudratini bo’rttirib ko’rsatishda davom etmoqda.

“ShTIHning qora ro’yxatga qo’shilishi uyg’urlar noroziligini asossiz deb ko’rish va ularga qarshi qatag’onlarni kuchaytirish uchun Xitoy hukumati tomonidan 2002-yildan beri Shinjonda davlatga qarshi har qanday zo’ravonlik, har qanday qarshilikka qarshi qo’llab kelindi”, - deydi Klark.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoy bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa millatga mansub musulmonlarni qayta tarbiyalash lagerlarida saqlash uchun 2017-yil boshidan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni bahona qilib keldi. Lager aholisi qiynoqqa solinadi, majburiy mehnatga jalb qilinadi, mafkuraviy ta’limotga yuz tutadi. Bu tashkilotlarning bildirishicha, Shinjondagi qolgan musulmonlar doimiy davlat nazoratidadir.

Xitoyning uyg’urlar yashovchi hududida 2011-yildan beri kuzatilayotgan zo’ravonliklarning aksariyatini terrorizm deb bo’lmaydi, deydi Jorj Vashington universiteti professori Shon Roberts.

“Ko’p hollarda bunday zo’ravonlik xavfsizlik organlari tinch namoyishlarni bostirganda kelib chiqqan, ko’pi politsiya zulmiga qarshi javob”, - deydi u.

Xitoy Shinjonda inson huquqlari poymol bo’layotgani haqidagi da’volarni inkor etib keladi. Xitoylik rasmiylar lagerlarni “kasb-hunar ta’lim maktablari” deb ataydi. Ularga ko’ra, ekstremistik g’oyalarga berilgan odamlar “normal” inson bo’lish uchun Xitoy qonunlari va tilini, hamda hunar o’rganadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbinning 6-noyabrda bo’lgan matbuot anjumanida aytishicha, uning mamlakati ShTIHning AQSh terror ro’yxatidan olib tashlanishini qoralaydi va bunga qarshi chiqadi.

Unga ko’ra, guruh Xitoy xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdid soladi, AQSh esa bu masalada fikrini o’zgartirib, “hozirgi ma’muriyat aksilterror masalada ikkiyuzlamachiligini ko’rsatmoqda”.

“Qo’shma Shtatlar darhol bu xatosini to’g’irlashi, terror tashkilotlarini oqlashdan o’zini tiyishi, terrorga qarshi xalqaro hamkorlikka to’g’anoq bo’lishni bas qilishi zarur”, - dedi muxbirlarga Venbin.

Surgundagi uyg’ur faollarining aytishicha esa, AQShning bu qarori Xitoy Xalq Respublikasida oddiy madaniy va siyosiy huquqlardan mahrum etilgan uyg’urlar taqdirini tan olishda muhim qadamdir.

Vashingtondagi “Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati”ning asoschisi va direktori Solih Xudoyorning aytishicha, Davlat departamentining qarori Amerikadagi uyg’urlar uchun ham muhimdir, chunki ular “Sharqiy Turkiston islomiy harakati”ga aloqador bo’lib ko’rinmaslik uchun “Shinjon” o’rniga “Sharqiy Turkiston” atamasini qo’llashdan qo’rqib kelgan edi.

“Ko’p uyg’urlar “Shinjon” deyishga majbur bo’ldi. “Shinjon” yangi hudud ma’nosini anglatadi, ammo ko’p uyg’urlar uchun bu ularning o’zligi, madaniyati va tarixini yo’q qilishga qaratilgan haqoratli va mustamlakachi atamadir”, - deydi Xudoyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG