Breaking News

Qirg’izistonga Yevropa politsiyachilarini kiritish masalasi muhokamada


Qonli mojaro bilan yuzlashgan Qirg’iziston muvaqqat hukumati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidan tinchlikparvar qo’shin jo’natishni so’ramoqda.

56 davlat a’zo bu idora 1 iyulga belgilangan yig’ilishida masala bo’yicha qaror qabul qiladi.

“Iltimos ijobiy hal bo’lgan taqdirda ham, mamlakatga kelasi oy o’rtalariga borib qo’shin kiritilishi mumkin”, - deydi Endryu Tesorier, Yevropa tashkilotining Qirg’izistondagi vakili. Hozir xalqaro politsiyachilardan iborat maxsus missiya janubdagi ahvolni o’rganmoqda.

Rossiyaga hamda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga yordam so’rab qilingan murojaatlar, ma’lumki, javobsiz qolgan.

“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, xalqaro qo’shin, agar ma’qullansa, G’arbiy Yevropa va sobiq ittifoq davlatlari politsiyachilaridan iborat bo’ladi. Ularning vazifasi harbiylar ishini bajarish emas, balki tinchlik o’rnatishda yordam berish, xususan militsiya xodimlarini tayyorgarlikdan o’tkazish.

Xunrezlikka nima sabab bo’lgani yuzasidan qarashlar turlicha. Qirg’iziston Xavfsizlik Xizmatining so’nggi xulosasi shuki, ular sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning oilasi tomonidan uyushtirilib, O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari bilan birgalikda amalga oshirilgan.

O’sh va Jaloloboddagi hujumlar paytida strategik nuqtalarda joylashib olgan snayperlar aholini o’qqa tutgani ma’lum. Harbiy garnizonlardan yuzlab qurol-aslaha o’girlangan.

Xavfsizlik idoralari o’zbek arboblarini ham tartibsizliklarga daxldorlikda ayblab, ularni hibsga olmoqda. “Nyu-York Tayms” xabariga ko’ra, o’zbek milliy-madaniy markazi prezidenti Jaloliddin Salohiddinov uyida va ish joyida o’tkazilgan tintuvdan so’ng yashirinishga majbur bo’lgan.

Sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlar O’sh shahrida ikki mingga yaqin bino va inshoot vayron bo’lganini ko’rsatmoqda. Vaziyatni yoritirishga harakat qilayotgan mahalliy jurnalistlar bosim ostida.

“Vashington Post” gazetasining tahlil qilishicha, janubdagi g’alayon va etnik adovatga hissa qo’shgan omillar, xususan bundan bir-ikki oy oldingi voqealarni esga olish o’rinli.

Qurmanbek Bakiyev davrida, deydi tahlilchilar, milliy totuvlik va ozchilikdagi guruhlar haq-huquqlarini ta’minlash masalasiga e’tibor pasaydi, o’zbeklarni davlat boshqaruvidan uzoqlashtirish ko’zga tashlana boshladi. Bakiyevning ketishi vaziyatni o’nglash, o’lkada yashovchi har bir elat manfaatlarini inobatga olish uchun imkoniyat edi.

14 may kuni o’zbek jamoasi yetakchisi Qodirjon Botirov, yangi muvaqqat hukumatni quvvatlagan bu arbob, Jalolobodda Bakiyev tarafdorlari qamal qilgan binolarni ozod etishga boshchilik qiladi. Prezident oilasiga tegishli xonadonlar talon-taroj etilgach, mojaro etnik tus oladi.

“Vashington Post” maqolasida keltirilishicha, o’zbek jamoasi hukumatdan alohida imtiyozlar va hatto avtonomiya talab qilayotgani haqidagi da’volar azaldan ziddiyat manbai bo’lib kelgan.

Sobiq bosh vazir Feliks Kulov fikricha, Qirg’iziston o’tish davrida ekan, Qodirjon Botirov singari o’zbek arboblarining nozik siyosiy talablar bilan chiqishi mutlaqo noo’rin.

U kabi “ekstremist rahbarlar” qirg’izlarni g’azabga keltirgan, deydi Botirovni ham g’alayonga aloqadorlikda ayblayotgan rasmiylar.

O’sh va Jaloloboddagi o’zbek faollar nazarida esa hukumat bunday “ahmoqona” ayblovlar bilan o’z noshudligini boshqalarga to’nkash bilan ovora.

XS
SM
MD
LG