Breaking News

Yevropadagi ittifoqchilar AQShning afg'on siyosatidan norozi


Yevropa Ittifoqi rahbarlari Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda

AQShning NATOdagi ittifoqchilari ham fuqarolarini Afg’onistondan evakuatsiya qilish bilan band. Yevropadagi ayrim rasmiylar Tolibonning hokimiyatga kelishi terrorizm xavfini kuchaytirishidan, qochqinlarning Yevropaga yopirilib kelishidan xavotir bildirmoqda.

Xalqaro hayot – 18-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:31 0:00

AQSh 2001-yil oktabrida Afg’onistonga hujum qilganida NATOdagi ittifoqchilarini ham harbiy kampaniyaga jalb qilgan edi. Alyansga a’zo davlatlarning yuzlab askarlari Afg’onistonda halok bo’lgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida Tolibon g’alabasida Afg’oniston rahbariyatini aybladi.

“Afg’on siyosiy rahbariyati Tolibonga qarshi turishda, afg’onlar zor bo’lgan tinch kelishuvga erishishda ojizlik qildi”, - dedi u.

Bu muvaffaqiyatsizlik NATO faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin, deydi yevropalik bir tahlilchi.

“NATO bundan keyin bunday yirik intervensiyalarga qo’l urmasdan barqarorlikni ta’minlashga harakat qilish, dushmanni yaqinlatmaslik kabi cheklangan maqsadlariga qaytadi deb o’ylayman”, - deydi Angliyadagi Esseks universiteti tahlilchisi Natasha Lindstadt.

Britaniya mudofaa vaziri afg’on hukumatining parchalanishida Tolibon bilan 2020-yilda bitim imzolagan AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni aybladi.

“Kelishuv bevosita Tolibon bilan amalga oshirildi. Afg’on hukumati jalb etilmadi. Bu hukumatga jiddiy zarba bo’ldi. Xalqaro hamkorlar noqulay ahvolga tushib qoldi, axir biz AQSh yaratgan struktura orqali qo’shin kiritgan edik. Afg’onistonga alohida kirmaganmiz. AQSh o’zi yaratgan strukturadan chiqishi bilan biz ham chiqishga majbur bo’ldik”, - deydi Ben Uolas.

Ko’plar AQShning Afg’onistondan chiqish tartibini tanqid qilmoqda.

“O’ta tez bo’ldi. Bayden va uning ma’muriyati NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashmadi ham, harakatlarini muvofiqlashtirmadi”, - deydi Lindstadt.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron afg’on hukumatining parchalanishi butun boshli xalqaro hamjamiyatga salbiy ta’sir qilishini aytadi.

“Afg’onistonda hali ham terror guruhlari bor. Ular beqarorlikdan manfaat topadi”, - deydi u.

Tahlilchilarga ko’ra, terrorizmga qarshi global kurashga pand berildi.

“Dunyo bo’ylab jihodchilar buni g’alaba shamoli deb ko’rishi aniq. “Qarang, g’alabaga erishsa bo’larkan, kurashimiz umidsiz emas, undan qaytmang, e’tiqodingizdan qaytmang, shunda 20 yil o’tib g’alabaga erishasiz” degan ishonch ularga yana ma’lum payt dalda beradi”, - deydi Singapurdagi Rajaratnam xalqaro izlanishlar maktabidan Raffaello Pantuchchi.

Yevropa rahbarlari afg’on qochqinlarining yangi oqimidan ham xavotirga tushgan. Siyosiy boshpana olishga umid qilayotgan bir necha ming afg’on Gretsiyaning Lesbos orolida to’plangan. Hafta boshida ular Tolibonning g’alabasiga qarshi namoyish qildi.

“Afg’onistonda yosh avlodning xoli nima kechadi endi? Bolalar, ayollar huquqlariga nima bo’ladi? Tolibon hammasini barbod qiladi”, - deydi Yelena ismli afg’on.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG