Bryusselda ikki kun majlis qilgan Yevropa Ittifoqi rahbarlari Belarus rasmiylarini qora ro’yxatga kiritishga nihoyat kelishib oldi. Ittifoq 9-avgust kuni Belarusdagi saylovlarni soxtalashtirishga qo’l urgan va Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishga chiqqan odamlarga nisbatan zulmga mas’ul 40 ga yaqin rasmiyga sanksiya e’lon qildi.
Yevropa Ittifoqi Lukashekoni qonuniy rahbar deb tan olishdan bosh tortishiga qaramay, uning o’zini qora ro’yxatga kiritmadi.
“Demokratik harakatga to’siq qo’yayotgan amaldorlarga qarshi viza cheklovlari kuchga kirmoqda”, - dedi Germaniya kansleri Angela Merkel.
Yevropa Ittifoqining qaroriga javoban Belarus hukumati o’z qora ro’yxatini tuzganini bildirdi, biroq ittifoqdan unga kimlar kirganini aytishdan bosh tortdi. Rasmiylarga ko’ra, agar ittifoq Belarus ichki ishlariga aralashishda davom etsa, Minsk a’zo mamlakatlar bilan diplomatik aloqalarni uzishi mumkin.
Belarus amaldorlariga qarshi sanksiyalar ancha oldin joriy etilishi mumkin edi, biroq O’rta dengizdagi munozarali hududda gaz va neft qidirayotgan Turkiyani burg’ulash ishlarida ayblayotgan Kipr Yevropa Ittifoqidan Anqarani bu harakatlari uchun qoralashni talab qilib, Belarusga qarshi sanksiyalarga ko’nmay kelayotgan edi. Bryusseldagi majlisda tashkilot Turkiyani ogohlantirib, burg’ulash ishlari to’xtamasa, unga qarshi sanksiya qo’llanishi haqida ogohlantirdi.
Facebook Forum