Breaking News

Turkiya-Yevropa kelishuvidan bir yil o'tib: qochoqlar ahvoli hanuz og'ir


Kuzatuvchilar: qochoqlar ahvoli hanuz abgor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Bir yil oldin Yevropa Ittifoqi Turkiyaga 6 milliard dollarga teng yordam va’da qilib, bu davlatni suriyalik qochqinlarni Gretsiyadan qayta qabul qilishga ko’ndirgan edi. Lekin bu bilan qochqinlarning ahvoli yengillashgani yo’q.

Afina yaqinidagi eski fabrikadamiz. Bu yerda qariyb 600 qochqin panoh topgan. Ular Afg’oniston, Suriya va Pokistondan. Bir yildan beri Gretsiyada sarson 60 ming migrantlar orasidan shu yerga kelib qolgan insonlar. Boshqa borar joyi yo’q. Bolqon mamlakatlari va G’arbiy Yevropa davlatlari ularga eshigini yopib qo’ygan.

Insonparvarlik tashkilotlari Yevropa Ittifoqini o’z burch va vazifalarini bajarmayotganlikda ayblaydi. Deklan Berri “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotidan.

“Kasalmand qochqinlarning ahvoli bilan tanishganimizda, ular chekayotgan azobni ko’rib, Yevropa Ittifoqi va Turkiya orasidagi kelishuv ularning hayotini zarracha ham yaxshilamaganini ko’rdik. Fojia”, - deydi u.

Mutaxassisga ko'ra, migrantlar ikki o’t orasida, doimiy uqubatda.

“Qochqinlar bu yaroqsiz inshootlarda mahbusdek hayot kechiradi. Ruhan ezilgan, jismonan sillasi qurigan odamlar. Ular turli psixologik xastaliklarga duchor bo’lgan. Depressiya; asab bilan bog’liq og’ir kasalliklar bor”, - deydi u.

Yevropa rasmiylarining aytishicha esa, yuzlab odamlar hayoti saqlab qolingan. Oldinlari ular jinoiy guruhlarga yem bo’layotgan edi. Yaqinda Gretsiyaning besh oroli rahbari sammit o’tkazib, vaziyatni muhokama qildi.

“Turkiya bilan kelishuv samara berdi, degan bo’lardim. Bir yil oldin 10 ming odam Turkiyadan Yevropa Ittifoqiga kirayotgan edi. Hozir kuniga 60 nafar qochqin keladi va biz bular bilan shug’ullana olamiz. Qochqinlar oqimi shu qadar pasaygani biz uchun yaxshi”, - deydi Yevropa Komissiyasining Migratsiya bo’yicha rahbari Dimitris Avramopulos.

Bu rasmiyning qayd etishicha, blok qochqinlarni joylashtirishni tezlashtirgan. Fransiya yaqinda Livandan 500 qochqinni qabul qilishga ko’ndi. Davlatlar astalik bilan vaziyat o’nglashadi degan umidda, vaholanki, Suriyada urush tinmayapti.

“O’rta dengizdan bu odamlar bizga xavfsiz ravishda yetib kelishi uchun imkoniyat yaratib berish mumkin. Qochqinlarni qutqarish kerak”, - deydi yana bir rasmiy.

Bu orada Turkiya mavjud bitimni bekor qilishi mumkin, chunki Anqara Yevropa Ittifoqidan norozi. Turkiya fuqarolari ittifoqqa vizasiz kira olishi kerak, bu kelishuvning bir qismi edi, deya eslatmoqda diplomatlar. Bryussel esa Anqaradan boshqa masalalarda norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG