Yevropa Ittifoqi va tashkilotdan yanvar oyida chiqqan Britaniya savdo bitimiga hanuz kelishgani yo’q. Yiliga salkam bir trillion dollarlik o’zaro savdoni kelajakda qanday olib borish xususida aniqlik mavjud emas.
Britaniya suvdagi hududlari nazoratini tiklamoqchi, xorijiy qayiqlarning bu hududlarga kirishini cheklamoqchi. Baliqchilik o’zaro savdoning yarim foizidan kamini tashkil etsa-da, mana shu kichik masala bo’yicha kelishmovchilik kattaroq masalalarning ham kelishuvsiz qolishiga sabab bo’lishi mumkin.
“Agar ingliz suvlarida baliqchilik bilan shug’ullana olmasak, barbod bo’lamiz, chunki Belgiya suvlarida baliqchilik yo’q bo’lgan, belgiyalik baliqchilar 90 foiz holatda ingliz suvlarida ishlaydi”, - deydi Robert Kempbell ismli belgiyalik baliqchi.
Britaniya bu masalada ustunlikka erishgan ko’rinadi. Biroq aytish joiz, britan baliqchilari o’ljaning katta qismini Yevropaga eksport qiladi. Agar Yevropa Ittifoqi ingliz balig’iga tarif qo’ysa, britan baliqchilari qiynalib qoladi.
Savdo kelishuvi hozir mana shu bahsli masalaga taqalib turibdi. Umumiy kelishuvni nazorat qilish mexanizmi hamda davlat yordami ko’lami bo’yicha ham tomonlar kelisha olmayapti. Yevropa Ittifoqi vaqt oz qolayotgani haqida ogohlantirmoqda.
“Bitimga kelishishning oxirgi kuni 31-dekabr. Ammo har qanday kelishuvni ratifikatsiya qilishga ham vaqt kerak”, - deydi britaniyalik ekspert Jill Ratter.
Tomonlar shartnoma bo’yicha kelishgan taqdirda ham Britaniya Yevropa Ittifoqining yagona bozori va bojxona ittifoqini tark etadi.
“Kelishuv bo’ladimi, yo’qmi, 1-yanvardan katta o’zgarishlar kuchga kiradi. Britaniya hukumati uchun xavf shundaki, agar bosh vazir kelishuvga erishib, uni zo’r deb maqtasa, bu kelishuv ta’siridagi har qanday muammoga uning o’zi sababchi deya ko’riladi”, - deydi Ratter.
Ikki siyosiy maslahatchisidan ayrilgan hamda koronavirusga uchragan deputatlardan biri bilan uchrashuvdan so’ng yakkalanishga majbur bo’lgan Bosh vazir Boris Jonson ichki siyosiy muammolarni ham hal qilishiga to’g’ri keladi.
Vengriya va Polsha Yevropa Ittifoqining yillik byudjeti va 888 milliard dollarlik COVID dan tiklanish jamg’armasi bo’yicha kelishuvga veto qo’yishi ketidan breksit masalasi tashkilot uchun ikkinchi darajaga tushib qolishi mumkin.
Bugun ma’lum bo’lishicha, Yevropa Ittifoqining breksit bo’yicha muzokarachilari jamoasida bir vakilning koronavirus bilan kasallanishi natijasida Britaniya bilan muzokaralar qisqa muddatga to’xtatildi.