Breaking News

Yevroning keskin arzonlashishi jiddiy xavotirlarga sabab


Yevropaning umumiy valyutasi - yevro qiymati 5-yanvar kuni to’qqiz yildan beri eng quyi darajaga tushdi. Bu esa yevrozona barqarorligi atrofida tashvishlarni kuchaytirmoqda.

Fransiya radiosi orqali chiqish qilgan Prezident Fransua Olland Gretsiya yevrozonadan chiqishi haqdagi taxminlarga alohida to’xtaldi.

Gretsiya xalqi davlat yetakchilarini tanlashda erkin ekanini aytar ekan, Olland greklar Yevropa bilan umumiy valyutani saqlab qolish masalasini ham mustaqil ravishda hal qila oladi, dedi.

O’tgan oyda Gretsiya parlamenti deputatlari yangi prezidentni saylay olmadi. Endi saylovlar 25-yanvarda o’tkaziladi.

O’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, so’l qanotga mansub Siriza partiyasi tarafdorlari ko’p. Mazkur partiya g’alaba qozonsa iqtisodiy qiyinchiliklarga chek qo’yilishini va’da qilib, Yevropa Ittifoqidan qarzlarning katta qismidan kechishni so’raymiz, demoqda. Bu esa Gretsiya yevrozonadan chiqishi mumkinligi haqdagi taxminlarga turtki bo’ldi.

Yevropa Ittifoqi so’zlovchisi yevrozonadan chiqish masalasini tilga olar ekan, Gretsiya a’zoligi to’xtatilmay, shartlar qayta ko’rib chiqilishi mumkin, dedi.

Gretsiyadagi siyosiy inqiroz yevro hududidagi muammolardan biri, xolos.

“Yevrozonani birlashtirib turgan yagona davlat – Germaniya, - deydi vaziyat yuzasidan broker Jo Randl. - Muammolar aslida juda chuqur. Germaniya va yevrozonaning boshqa a’zolari orasidagi tafovutni kamaytirish uchun jiddiy choralar ko’rilishi kerak”.

Dushanba kuni yevroning dollarga nisbatan qiymati 1,2 foizga pasaydi va 2006-yil mart oyidan buyon eng quyi nuqtaga yetdi.

Yevropa Markaziy banki Prezidenti Mario Dargi jurnalistlar bilan muloqot chog’ida bank hukumat obligatsiyalarini sotib ola boshlashi mumkinligiga ishora qildi. O’tmishda bunday qadamni Britaniya va AQSh markaziy banklari qo’yishga majbur bo’lgan.

Yevropa Markaziy bankining 2015-yildagi birinchi majlisi 22-yanvarga belgilangan. Undan bir necha kun o'tib Gretsiyada prezident saylanadi. Tahlilchilar fikricha, bu ikki voqeaga qadar yevro qiymati o’zgarib turishi ehtimoli katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG