Breaking News

Yevroparlamentga saylovlarda millatchi partiyalar yaxshi natija ko'rsatdi


O’tgan hafta Yevropada qit’a parlamentiga saylovlar bo’lib o’tdi. Yevropa Ittifoqida salkam 400 million saylovchi bor. 751 a’zodan iborat qonunchilik organi besh yilga saylanadi.

Ittifoq saylov komissiyasi rasmiylariga ko’ra, saylovchilar 2014-yilga qaraganda ancha faol bo’lgan. Germaniya, Fransiya, Polsha va Shvetsiyada saylovchilarning yarmidan ko’pi ishtirok etgan.

Shvetsiya Bosh vaziri Stefan Lofvenning aytishicha, saylovchilar faolligiga qit’ada millatchilikning kuchayayotgani bir sababdir.

“Ultra o’ng qanot kuchlarga qarshi, ayollar huquqlari uchun, ishchilar huquqlari uchun qattiq turishimiz kerak. Yevropa parlamenti deputatlari a’zo mamlakatlar xalqlari manfaatlariga xizmat qilishi zarur”, - dedi u.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kabi immigratsiyaga qarshi chiqayotgan arboblar parlamentga muhojirlar oqimini to’xtatishni targ’ib qilayotgan partiyalar kirishiga umid qilmoqda.

“Bu 2015-yildagi migratsiya inqirozidan keyingi birinchi saylovlar. Yevropaning ko’p mamlakatlarida bu masalada odamlarda shu kungacha fikr bildirish imkoni bo’lmadi”, - deydi Orban.

Italiya va Britaniyada o’ng qanot partiyalar eng ko’p ovoz olishi bashorat qilinmoqda, Avstriya va Fransiyada ham ular yaxshi natija ko’rsatgan. Ko’p yillar davomida Yevropa siyosatida hukmronlik qilib kelgan Yevropa xalq partiyasi kabi o’ng markazchilar hamda Sotsialist va demokratlar ittifoqi kabi so’l markazchilar 10 foiz ovoz yo’qotib, ko’pchilik maqomini qo’ldan boy bergan.

Polsha sobiq prezidenti Lex Valensa Yevropada siyosiy bo’linishlar kuchayayotganidan xavotir bildirdi.

“Jamiyatlarda hukumatlarga ishonch yo’qolgan, hamma bo’lingan. Bunday sharoitda biror narsa yaratish qiyin, ammo boshqa choramiz yo’q. Tamaddunimizni yo vayron qilamiz yoki aql bilan yaratamiz”, - dedi u.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, Yevroparlamentga saylovlar Yevropa uchun Ikkinchi jahon urushidan beri eng tahlikali pallaga to’g’ri kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG