Breaking News

“Nabukko” loyihasi amalga oshmaydigan bo’ldi


Shoh Deniz-2 konsortsiumi Ozarbayjondan G’arbiy Yevropaga tabiiy gaz yetkazish bo’yicha “Nabukko” loyihasidan voz kechib, uning o’rniga kichikroq va arzonroq muqobil proyektni tanladi.
“Nabukko” loyihasi amalga oshmaydigan bo’ldi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00
Yuklab oling

Avstriya yetakchiligidagi konsortsium energiyaga tashna G’arbiy Yevropani gaz bilan ta’minlash maqsadida o’tkazilgan tenderda “Trans Adriatika Quvuri” loyihasini g’olib deb topdi.

800 kilometrli bu quvur Turkiya, Gretsiya va Albaniyadan o’tib, Adriatika dengizi orqali Italiya janubigacha yotqizilishi kutilmoqda.

Yevropaning Rossiya energiyasiga tobeligini kamaytirishga qaratilgan “Nabukko” esa ancha qimmat va yirik proyekt. Uni moliyalash va stabil ta’minotni yo’lga qo’yish oxirigacha hal etilmagan masala bo’lib qolayotgan edi.

Oxir-oqibat, Turkiya, Bolgariya, Ruminiya va Vengriya hududidan o’tishi rejalangan 1300 kilometrli quvurdan voz kechildi.

Qaror yuzasidan bitimlar Afinada imzolandi. Gretsiya Moliya vaziri Yannis Sturnarasning aytishicha, tender natijasi uning qarzga botgan mamlakati uchun ayni muddao.

“Trans Adriatika Quvuri” tanlangani Gretsiyaga ish o’rinlari olib keladi, yurtimiz regionning energiya markaziga aylanadi”, - deydi rasmiy.

Proyekt ortida turgan kompaniyalar asosan Norvegiya, Shveytsariya va Germaniyadan.

Ayni paytda Rossiya boshqa bir raqib loyihani ishga tushirish payida. “Janubiy oqim” Qozog’iston va Rossiyadan tabiiy gazni Bolgariya, Serbiya va Vengriya orqali Avstriyaga eltadi.

Bugun Yevropa Ittifoqi davlatlari gazga bo’lgan ehtiyojlarining 30 foizini Rossiya orqali qondirib kelmoqda, ya’ni mahsulotni undan xarid qilmoqda. Ular bir davlatga qaram bo’lib qolish oqibatlarini yaxshi biladi – Kreml gazni o’chirib, bu strategik mahsulotni siyosiy qurol qilib ishlatgan hollar ko’p bo’lgan.

Tahlilchi Ariel Koenning aytishicha, yevropaliklar “Nabukko” loyihasini amalga oshirishni eplay olmadi.

“Juda ko’p milliy neft kompaniyalariga biznes sifatida qaralmaydi, ular hukumatga xos byuroktratik uslubda boshqariladi. Yevropa “Nabukko” ni boshidan yaxshilab proyektlashtirmadi, moliyaviy jihatlarini to’g’ri yo’lga qo’ymadi”, - deydi Koen.

Lekin “Trans Adriatika Quvuri” tanlanganini ham yutuq desa bo’ladi, ayniqsa Ozarbayjon uchun.

“Chunki sobiq sovet hududidan ilk bor Rossiya ishtirokisiz gaz quvuri yotqizilmoqda. Bu Yevropa uchun o’ziga xos g’alaba, Kaspiy dengizidan mahsulot olishning yangi modeli”, - deydi tahlilchi.

“Trans Adriatika Quvuri” 2019-yildan ishga tushishi kutilmoqda. U orqali Yevropaga yiliga 10 milliard kubometr gaz yetkaziladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG