Angliyada koronavirus bilan bog’liq ikkinchi umummamlakat karantin kuchga kirdi. Bosh vazir Boris Jonson aksariyat do’konlar va restoranlarni yopishni buyurdi. Odamlarga imkon qadar uydan ishlash tavsiya etilgan. Poytaxt London ko’chalari ancha huvillab qolgan.
Karantin bir oylik bo’lib, 2-dekabrda tugaydi. Shundan keyin parlament vaziyatga qarab uni uzaytirishi yoki butunlay bekor qilishi mumkin. Muxolif Leyboristlar partiyasi chorani qo’llab-quvvatlamoqda, biroq Jonsonning Konservatorlar partiyasidagi bir qator qonunchilar karantin iqtisodiyot va ijtimoiy hayotga salbiy ta’sir qilishini aytib, qarshi chiqdi.
Bugundan boshlab Gretsiyada ham mamlakat bo’ylab uch haftalik karantin e’lon qilingan. Bu davlatda ham koronavirus yuqtirish hollari ko’payib bormoqda.
Hukumat oziq-ovqat do’konlari, tibbiy muassasalar, dorixonalardan tashqari barcha do’konlar va xizmat ko’rsatish shoxobchalarini yopishni buyurdi. Aholining maxsus ruxsatsiz ko’chaga chiqishi taqiqlanadi. Restoranlar, barlar, kafelar, muzeylar va fitnes klublar virus keng tarqalgan joylarda seshanba kundan yopilgan.
Boshlang’ich maktablar ochiq, ammo yuqori sinf o’quvchilari o’qiydigan maktablar yopilgan.
Bu o’rtada AQShda koronavirusga chalinish bo’yicha bir kunlik rekord yangilandi. 4-noyabr kuni salkam 109 ming odamda COVID aniqlangan. Jami mamlakatda 9 million 800 mingdan ziyod odam virusga uchragan, o’lganlar 240 mingga yaqinlashmoqda.
Avstraliya hukumati koronavirusga qarshi vaksina ustida izlanayotgan kompaniyalar bilan kelishib, 1,2 milliard dollarga 50 million dona qo’shimcha vaksina xarid qilishni rejalamoqda.
“Novavaks” (Novavax) kompaniyasidan 40 million, “Pfayzer” (Pfizer) va “Biontek”dan (BionTech) 10 million dona vaksina sotib olinadi. Hukumat jami 135 million dona vaksinaga buyurtma bergan. Sentabr oyida “AstraZeneka” (AstraZeneca) va “CSL” kompaniyalari bilan ham kelishuv imzolangan edi.
25 million aholi yashovchi Avstraliyada salkam 28 ming odamda koronavirus aniqlangan, 907 bemor o’lgan – rivojlangan mamlakatlar orasida eng quyi ko’rsatkich.
Facebook Forum