2020-yil Yevropa uchun xurujlarga boy yil bo’ldi. Sentabr oyida “Sharli Ebdo” satirik jurnalining Parijdagi idorasi yonida 4 kishi pichoqlandi. 4 yil oldin jurnal Muhammad payg’ambar karikaturalarini chop etganida 12 odam, jumladan jurnal xodimlari otib o’ldirilgan edi.
Bir necha oy oldin bir o’qituvchi dars paytida jurnalning o’sha sonini namoyish etishi ketidan chechen millatiga mansub bir yigit muallimni o’ldirib, boshini oladi.
Shundan bir necha kun o’tib, Nitsa shahridagi cherkovda uch kishi Tunisdan kelgan qochqin tomonidan pichoqlab o’ldiriladi.
Prezident Makron diniy radikalizmga qarshi kurash rejasini oshkor etib, islom inqirozga uchraganini aytdi.
“Fuqarolarimizni himoya qilishimiz kerak. Mamlakatimizdagi musulmonlarni radikal islom zulmidan himoya qilishimiz kerak”, - dedi Makron.
Uning bu gaplari musulmon dunyosida katta noroziliklarga sabab bo’ldi. Shunga qaramay, Fransiyada radikal imomlar ta’qib etila boshladi, bir necha masjid yopildi.
“Ekstremizm, terrorizm, xavfsizlikka tahdid bilan yuzlashayotgan ko’p mamlakatlar oldida turgan muammo bu hozir. O’z fuqarolari, ularning huquqlari yoki madaniyatini ajratmasdan turib qanday qilib xurujlarning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash mumkin?” – deydi Londondagi Universitet kollejidan Juli Norman.
Noyabr oyida Avstriya poytaxti Venada ham xuruj sodir etildi. “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga xayrixoh bir musulmon fuqaro 4 kishini otib o’ldirdi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari ekstremistlarni aniqlash uchun chegarada nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.
“Bu odamlar vaqt bombasiga o’xshaydi. Ozodligimizni saqlab qolishni istasak, bunday odamlarning harakatlanish erkinligini cheklab qo’yish kerak”, - dedi Avstriya kansleri Sebastyan Kurts.
Terrorizm bo’yicha mutaxassislarga ko’ra, eng katta tahdid Yevropada tug’ilib radikallashgan mahalliy terrorchilardan taralmoqda.
“Qochqinlar va muhojirlarni yoki siyosiy boshpana siyosatini ayblash noo’rindir. Bunday yondashuv bu jamoalarni aybdor qilib qo’yadi, haqiqiy tahdid esa boshqa joyda”, - deydi tahlilchi Norman.
Yana bir ekspert Sajjan Gohelning aytishicha, ekstremistlar siyosiy bo’linishlardan foydalanmoqda.
“Bo’linish, qutblashish terrorchi guruhlar tegirmoniga suv quymoqda. Yevropa o’z qadriyatlarini hamisha himoya qilishi kerak, shu qatorda so’z va matbuot erkinligini. Garchi ba’zan bu qadriyatlar munozaraga sabab bo’lsa-da”, - deydi “Osiyo-Tinch okeani jamg’armasi” mutaxassisi.
Yevropaga nafaqat radikallashgan musulmonlar, balki o’ng qanot ekstremistik kuchlar ham tahdid solmoqda. Britaniya razvedkasiga ko’ra, joriy yilda fosh qilingan 27 ta terror xuruji rejasidan 8 tasiga ultra millatchi ekstremistlar aralashgan.
Facebook Forum