O’tgan yili Rossiya maktablarida rus tili asosiy til sifatida qabul qilindi. Biroq milliy respublikalarda yashovchi xalqlar vakillari yangi qonun natijasida tili, madaniyati va o’zligi zarar ko’rishidan xavotirda. “Amerika Ovozi” yaqinda Buryatiyada bo’ldi.
Sibirning Buryatiya Respublikasidagi bir maktabda bolalar yozgi ta’tildan o’qishga qaytib, buryat tilida respublika madhiyasini kuylamoqda.
Buryat tili mongol tilining bir turi bo’lib, respublikaning oz sonli maktablaridagina asosiy til hisoblanadi. Bu tilda 300 mingdan sal ko’proq odam so’zlashadi. 2010-yilda YUNESKO uni yo’qolib borayotgan tillar ro’yxatiga qo’shgan.
“Afsuski, buryat tilida so’zlasha oladigan odamlar kamayib bormoqda”, - deydi Buryatiya Ta’lim va fan vaziri Bair Jalsanov.
Rossiyada o’tgan yili qabul qilingan qonunga ko’ra, davlat muassasalarida rus tiliga davlat maqomi berildi. Buryat kabi boshqa tillarni o’rgatish ota-ona, oila zimmasiga tushdi.
“Rossiya Federatsiyasida 100 dan ortiq millat va elatlar yashaydi. Bir sinfxonada turli etnik guruhlarga mansub bolalarni uchratish mumkin. Hammasiga o’z ona tilida ta’lim berish imkoni yo’q”, - deydi vazir Jalsanov.
Respublika poytaxti Ulan-Udeda buryat tilida so’zlashuvchi ko’p odamlarni uchratmaysiz. U ikkinchi rasmiy til bo’lishiga qaramay, tijoriy kompaniyalar va davlat idoralarida kamdan-kam qo’llanadi.
“Yangi qonundan Rossiya faqat yutqazadi. Bu mamlakatda yashovchi va Rossiyani o’z vatani, o’z davlati deb biluvchi etnik guruhlar birligiga putur yetkazadi. Bu qonun milliy ittifoqni qiyinlashtiradi”, - deydi Buryat tilini saqlab qolish va rivojlantirish markazi direktori Aleksandr Elayev.
Ludub Ochirov ko’zi ojiz bo’lishiga qaramay, juda iste’dodli. Uyda buryatcha gaplashishadi. Tilni madaniy boylik deb ko’ruvchi buryatlar uchun ona tilining g’oyib bo’layotgani fojia.
“Odamlarimizning buryatcha gaplashmasligi afsuslanarli hol. Ayniqsa yoshlar o’z tilini bilmaydi. Ularni hech kim bunga rag’batlantirmaydi ham”, - deydi u.
Ludubning otasi Rossiyada buddizm markazi hisoblangan Ivolga datsani rohibi. Yuqori Ivolga shahridagi asosiy ibodatxona rohiblari ham til o’layotganidan afsusda.
“Bir-birimiz bilan buryatcha gaplashamiz. Kichik shahar va qishloqlarda ham shunday. Ammo Ulan-Udeda aholi aralash. Kundalik aloqa tili ruscha”, - deydi Radnalama.
YUNESKOga ko’ra, Rossiyada 50 dan ortiq til moziyga cho’mish arafasida turibdi.
Facebook Forum