Breaking News

Federal qidiruv byurosi Toshkentda o'z idorasini ochmoqda


Yaqinda AQSh Vakillar Palatasi Toshkentda Federal qidiruv byurosining (Federal Bureau of Investigation - FBI) maxsus bo’limini ochishni ma’qulladi. Byuroning O’zbekistonda va dunyoning yana bir qancha nuqtalarida ochilayotgan yangi idoralari uchun 13,2 million dollar ajratilishi ko’zda tutilgan.

Hozirda bu qonun loyihasi Senatda ko’rib chiqilmoqda. Jinoiy-qidiruv ishlari bilan shug’ullanuvchi federal byuro odatda chet eldagi faoliyatini AQSh elchixonalari qoshida olib boradi va hozirda dunyoning 51 mamlakatida ish yuritadi.

AQSh xavfsizligi va og’ir jinoyatlarga qarshi kurashuvchi Federal qidiruv byurosi (FQB) hozirgacha Qozog’iston poytaxti Ostonadagi elchixonada o’z idorasiga ega edi. Endilikda idora Toshkentga ko’chadi.

O’zbekistonda idora ochishdan asl maqsad nima?

"Toshkentda ishlash uchun taklifi tushmoqda. O’zbekistonda faoliyatimiz kengayotgani sabab ham Markaziy Osiyodagi bosh idoramizni Toshkentga ko’chirishga qaror qildik,"- deydi FQBning maxsus agenti Tom Fyuntes (Tom Fuentes). Agent Fyuntes byuroning xalqaro faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Agentning aytishicha, FQB biror mamlakatda o’sha hukumatning ruxsati yoki taklifisiz ishlay olmaydi. "Bizni O’zbekiston hukumati taklif qildi,"- deydi agent.

"Odatda hukumatdan taklif tushadi va biz uni AQShning mamlakatdagi elchisi, Davlat departamenti va Kongress tasdig’i bilan qabul qilamiz. Mezbon mamlakatdagi va AQShdagi qator boshqarmalar elchixona qoshida FQB idorasi ochilishini ma’qullashlari lozim."

Byuro boshqa mamlakatlarda bo’lganidek, O’zbekistonda ham mustaqil qidiruv ishlari olib borolmaydi. Barcha operatsiyalar mezbon mamlakat qonun-tartibotchilari hamkorligida, ularga ko’mak bergan holda o’tkaziladi.

"Toshkentda idora ochilgach, federal agentlar O’zbekistondagi hamkasblari bilan yaqindan ishlashni boshlaydilar, hozirgacha Ostonadagi idora orqali biz ular bilan ancha tanishmiz,"- deydi maxsus agent Tom Fyuntes.

Xo’sh, aynan qanday jinoyatlarni fosh etishda amerikalik agentlar o’zbekistonlik tergovchilarga yordam ko’rsatmoqda?

"Faoliyat doiramiz keng, ammo biz mezbon mamlakat so’ragan ishlarga aralashamiz,"-deydi agent Fyuntes. "Jumladan, aksil-terror, uyushgan jinoyatchilik, moliyaviy jinoyatchilik, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishda ko’maklashamiz. Hozirgi kunda O’zbekistonda aniq bir ish ustida ishlayapmiz, deya olmayman, chunki hozircha yangi idora va uni jihozlash ustida bosh qotiryapmiz. Shu yil oxirigacha yangi idora ishlashga tayyor bo’ladi."

FQBning Toshkentdagi idorasida ikki agent va bir yordamchi bo’ladi. Maxsus agent Fyuntes byuroning hech bir mamlakatda mustaqil tekshiruv olib bormasligiga qayta-qayta urg’u beradi. "Har bir ishimiz mezbon hukumat oldidan o’tgan holda bajariladi, deydi u. Yevrosiyodagi faolitimiz uzoq va muvaffaqiyatli tarixga ega,"- deydi agent Fyuntes.

"Har safar yangi idora ochganimizda, bizning o’sha mamlakat bilan hamkorligimiz yanada oshadi,"-deya qo'shadi agent Fyuntes."1994 yilda Moskvada, keyinchalik Kiyevda, keyinroq Tbilisida, Sharqiy Yevropada hamda Yevrosiyoning boshqa nuqtalarida o’z bo’limlarimizni ochdik. O’zbekistondagi kelajak faoliyatimizga ham katta umidlar bog’laganmiz."

Federal Qidiruv Byurosining Yevrosiyo bo’limi boshqaruvchisi maxsus agent Berri Bron (Berry Braun) esa Ostonadagi idora Toshkentga ko’chadi, deganimizda, Qozog’iston ozgina ranjidi, deydi:

"Ostonadagi idoramiz 1999-2000 yillarda ochilgan edi. Qozog’istondagi hamkorlarimiz bilan turli jinoyatlarni fosh etishda yaqindan ishlab keldik. Shu bois mintaqadagi asosiy bo’limimizni Toshkentga ko’chirishga qaror qilinganda, Qozog’istonning bundan xursand emasligini ko’rdik. Ammo Ostonadagi idora yopilmaydi. U yerda ham ishlar davom etadi."

AQSh endilikda Qozog’istonga mintaqadagi yetakchi mamlakat deb qarashni boshlagan va ayniqsa, Andijon voqealari ketidan Vashington-Toshkent munosabatlari sovuqlashgan. Xo’sh, 13 maydagi xunrezliklarni xalqaro ravishda tergov qilinishini rad etgan Karimov rahbariyati nima uchun Federal qidiruv byurosi yordamiga muhtoj? Rasmiy Toshkent bu savolga hali javob bergani yo’q, ammo vaziyatni yaqindan kuzatayotgan ba’zi siyosatshunoslarning fikricha, qora dori savdosi va terrorga qarshi kurashda byuroning yordami beqiyos.

O’zbekiston bilan 80-yillardan beri yaxshi tanish Piter Sinnott (Peter Sinnott) Nyu Yorkdagi Kolumbiya Universitetida markaziy osiyoshunoslik bo’yicha dars beradi. Uning firkicha, O’zbekiston AQShdan jinoiy-qidiruv bobida yordam so’rasa, terrorga qarshi kurashayotgan rasmiy Vashington unga yo’q deya olmaydi.

"Bu shunday katta ma’suliyatki, FQB O’zbekistonga tahdid qayerdan, kimdan va kimga qarshi kelayotganini aniqlab berishi mumkin,"-deydi olim Sinnott.

"Nazarimda, AQSh hukumati xalq va uning noroziligiga uchragan hukumat o’rtasida murosachi vazifasini o’tashni istamaydi. Ammo terrorga qarshi kurashayotgan AQSh uchun xalqaro terrorizm tizimiga olib boruvchi yo’llarni topish muhim. AQSh bu imkoniyatni rad etmaydi. Biroq AQSh juda ehtiyorkorlik bilan harakat qilmog’i lozim – ko’makka arzimaydigan hukumatga yordam berishda va o’z xavfsizligi uchun kurashda."

Faoliyatni boshlamasdan turib, bu haqda gapirishga shoshmayotgan federal agentlar esa "O’zbekistonda ish ko’p va shu bois ham agentlarimizni Ostonadan qatnash bosh-og’rig’idan ozod qilib, Toshkentga doimiy ravishda olib kelyapmiz,"- deyishadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG