Breaking News

AQShda prezidentlikka nomzod ayollar kuchiga ishonadi


Demokratik partiyadan prezidentlikka da'vogar ayollar. Eymi Klobuchar (yuqorida chapda), senator, 59 yoshda; Tulsi Gabbard (yuqorida o'ngda), kongressmen ayol, 38 yoshda; Elizabet Uorren (quyida o'ngda), senator, 70 yoshda; Kamala Xarris, senator, 55 yoshda

Dunyoning 59 mamlakatida ayol kishi davlat rahbari bo’lgan, biroq demokratik davlatlar yetakchisi sifatida gavdalangan Qo’shma Shtatlarda ayol kishi hanuz prezidentlikka saylanmagan.

2016-saylovida sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning prezidentlikka harakati omadsiz kechdi. Kelasi yili bo’ladigan saylovda qatnashish uchun Demokratik partiyadan nomzodlar orasida ayni paytda qizg’in kurash ketmoqda. Ulardan besh nafari ayollar.

2016-yil saylovida Donald Trampga mag’lubiyatini tahlil qilarkan, Xillari Klinton bunga jinsiy stereotiplar va kamsitishlar ham sabab bo’lganini aytadi.

“Insoniyat tarixidan shunisi ma’lumki, ayollarga nisbatan hurmatsizlik, jinsiy kamsitish, ayollarni yomon ko’rish doim bo’lgan va bu yangilik emas”.

Trampning ayollarga nisbatan muomalasi, xususan, Klintonni “jirkanch xotin” deb atashi, boshqa ayollarni tashqi ko’rinishiga qarab tanqid qilishi, abortga qarshi sudyalarni tayinlashi hamda irqiy bo’linishlarga sabab bo’lgan bayonotlari Kongressga bo’lgan o’tgan yilgi saylovda ayol nomzodlarning rekord darajada qatnashishiga turtki bo’ldi.

2020-yilda bo’ladigan prezident saylovlarida ham Demokratik partiyadan ko’p ayollar, jumladan uch senator ayol qatnashmoqda - Massachusetsdan Elizabet Uorren, Kaliforniyadan Kamala Xarris va Minnesotadan Eymi Klobuchar.

Biroq ularning ayol bo’lgani saylanishiga g’ov bo’lishi mumkin.

“Odamlarda prezident qanday bo’lishi haqida o’ziga xos tushuncha bor. U albatta erkak bo’lishi kerak. Rahbarlar, ayniqsa davlat rahbari haqida gapirganda ayollarni tasavvur qilolmaymiz”.

Saylovchilar ayol nomzodlarni o’ta yumshoq, erkaklar kabi yetarlicha qattiqmas deb ko’rishi mumkin. Kam daromadli fuqarolarni tibbiy sug’urta bilan ta’minlash kabi masalalar shunday tasavvur uyg’otadi.

“Bu Demokratik partiyaning bo’sh ekani haqidagi mavjud tasavvurlarni kuchaytirishi mumkin. Ba’zida saylovchilarni o’z tarafingizga og’dirish uchun ularni qolipdan chiqarishingiz kerak”.

Klintonning mag’lubiyatidan so’ng ba’zilar erkak demokrat nomzodda Trampga ovoz bergan saylovchilar ovozini olish ehtimoli yuqoriroqmikan, deya mulohaza yuritmoqda.

Biroq ayol nomzodlar ayollarning vaqti kelmadi degan gaplarni inkor etmoqda.

“Rahbarlik lavozimlariga ko’proq ayollarning qo’yilishi taraqqiyotga yetaklaydi. Bu oson emas, lekin tog’ga chiqmasangiz, do’lana qayda?”

Yana bir demokratik nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden yaqinda Elizabet Uorrenni jahldor va o’jar deb atadi. Uorren “ha, jahldorman, bo’lishim shu” deb javob berdi.

Bugungi ayol nomzodlar jinsiy kamsitish holatlari haqida qo’rqmay gapirmoqda.

“Ko’plarning ko’zi ochilyapti. Odamlar “erkak nomzodga ham shunday muomala qilgan bo’larmidim” deya o’ylanib qolyapti”.

So’nggi saylovlarga qaraganda demokratlarni qo’llab-quvvatlayotgan ayollar soni oshmoqda. So’rovlar esa ayollarning Trampga xayrixohligi so’nib borayotganini ko’rsatmoqda.

Xotin-qizlar 2020-yil saylovi natijasiga ta’sir qilishi shubhasiz. Hatto ulardan biri prezidentlikka saylanishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG