Breaking News

Daniil Kislov: Biz O’sh voqealarini xolis yoritganmiz


Daniil Kislov: Biz O’sh voqealarini xolis yoritganmiz
Daniil Kislov: Biz O’sh voqealarini xolis yoritganmiz

Qirg’izistonda millatchilik va so’z erkinligiga nisbatan toqatsizlik kuchaymoqda, deydi fergananews.com axborot saytining bosh muharriri Daniil Kislov.

Qirg’izistonda fergananews.comga to’siq qo’yilgani xalqaro maydonda norozilik uyg’otgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti cheklovni olib tashlashga chaqirmoqda.

Daniil Kislov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ta'kidlaydiki, Qirg’iziston parlamenti O’sh voqealari xolis yoritilganini tan olishni istamayapti.

Fergananews.com davlat tasarrufidagi “Kirgiztelekom” kompaniyasi tomonidan yopib qo‘yilgan. Boshqa xususiy provayderlar orqali unga kirish mumkin.

Kislovning aytishicha, axborot saytiga blok qo‘yish qarori ortida siyosiy sabablar yotibdi. Qirg’iz siyosiy doiralarida millatchilik ruhi avj olgan.

“Saytni to’sish qarori, shubhasiz, qirg’iz parlamentida millatchilik hukmronligidan kelib chiqadi. Xabaringiz bor, parlament yig’ilishida O’sh voqealari sababchisi deb o’zbek yetakchilari ayblangan edi. Biror tergov-surishtiruvsiz parlament bunday hukm chiqarishi ancha norozilikka sabab bo’ldi. Xuddi shu tarzda fergananews.com ustidan ham deputatlar biror surishtiruvsiz o’z buyruqlarini e’lon qilishgan edi, Hozirga kelib mana shu ko’rsatma ijro etilmoqda”, - deydi Daniil Kislov.

Daniil Kislov, "Fergana" axborot agentligi rahbari va sayt bosh muharriri
Daniil Kislov, "Fergana" axborot agentligi rahbari va sayt bosh muharriri
Millatchilikka berilgan qirg’iz deputatlari, deydi jurnalist, O’shdagi voqealar haqida xolis axborot tarqalishidan qo’rqadi.

“Biz O’shdagi nizolar paytida har ikki tomon uchun minbar bo’lishga harakat qilganmiz, xolos“, - deydi Kislov.

“Juda ko’p tashkilotlar bizni qo’llab-quvvatlashdi. Buning uchun minnatdorchilik bildiraman. Hozircha qirg’iz hukumati bu noroziliklarga qarshi biror munosabat bildirgani yo’q. Parlamentda bu masala ko’tarilganida, o’sha paytdagi prezident Roza Otunbayeva keskin norozi ekanini aytgan. Amaldagi hukumat esa hozircha ochiq bir munosabat bildirgani yo’q”, - deydi sayt rahbari.

Qirg’iziston qonunchilari fergananews.comni O’sh voqealarini bir tomonlama yoritib, milliy adovat qo’zg’atishda ayblashgan edi. Daniil Kislov bu da’volarni keskin rad etadi.

Chegara Bilmas Muxbirlar (Reporters Without Borders) tashkiloti nazarida, 2010-yilgi xunrezlik fergananews.com tomonidan xolis, turli qarashlarga o’rin berilgan holda yoritilgan.

Daniil Kislov fikricha, masala mohiyati ko’proq Qirg’izistondagi bugungi siyosiy manzara va jamoatchilik orasida shakllanayotgan kayfiyatga bog’liq.

O'sh
O'sh
Janubda vaziyat tinchdek ko'rinadi, ammo qirg’izlar va o’zbeklar o’rtasida o'ziga xos sovuqlik hukmron. Nafaqat o’zbeklar va qirg’izlar, umuman mamlakatda elatlararo birdamlik emas, ko'proq bir millat ustunligini ta’minlashga harakat kuchaygan.

“Qamchibek Tashiyev singari tanilgan sizosatchilar ochiqdan-ochiq elatlar o’rtasida ziddiyat qo’zg’ovchi bayonotlar bilan chiqmoqda”, - deydi suhbatdosh.

“Biz millatchilar sifatida ko’rilayotgan "Otajurt" partiyasi rejalagan mitingni xavotir bilan kuzatyapmiz. Ma’lumotlarga ko’ra bu mitingni qo’llash uchun janubdagi o’zbeklar ham jalb qilinmoqda. Tashkilotchilardan biri Tashiyev millatchilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan. Bunday chiqishlar tegishli idoralar tomonidan e’tiborsiz qoldirilayotgani tashvishli”, - deydi Daniil Kislov.

Fergananews.com ma’muriyati parlament qarori ustidan sudga murojaat qilish imkoniyatini o’rganib chiqmoqda.

Kislov deydiki, masala sudga chiqqan taqdirda, bu fergananews.com uchun qo’shimcha reklama bo’lishi mumkin, biroq Qirg’iziston hukumati uchun natija aksincha bo’ladi.

“Deputatlarning qandaydir ahmoqona qarori uchun Qirg’iziston hukumati badnom bo’lishini biz istamagan bo’lardik. Bu qarorni bekor qilgan ma’qul”, - deydi Kislov.

Moskvada asoslangan fergananews.com uzoq yillardan beri Markaziy Osiyodagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotni yoritib keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG