“Filmfest” 31 yildan beri AQSh poytaxtida o’tadigan kinofestival. Jiddiy mavzularni yoritgan badiiy va hujjatli kartinalar ko’z-ko’z qilinadi. Bu safar 80 film tanlangan.

Vashington – siyosiy-madaniy markaz. Bu yerda har bir mavzu siyosat bilan bog’liq. Dunyoning qay burchagidan kelgan bo’lmasin, kartinaning mohiyatiga siyosiy ko’z bilan qaraladi. Toni Gittens – kinofestival asoschisi va uning bosh tashkilotchisi. “Amerika Ovozi”da bo’ldi.

“Bu yilgi filmlar Oq uydagi yangi rahbar yuritayotgan siyosat va uning oqibatlariga nazar tashlaydi. Masalan, immigratisya va muhojirlar, maorif va ta’lim, tekin yoki pullik, maxsus va tijoriy, so’z erkinligi, matbuot erkinligi, ish va tirikchilik, siyosat va lo’ttibozlik, xalq dardi, ertangi kun yuzasidan xavotirlar, fuqarolarni qiynayotgan masalalar. Fimlar shu haqda”, - deydi Gittens.

Ular orasida Kanada kino ustasi Fred Pibodi ishlagan “Yolg‘onchi hukumat” degan asar bor. Kartina erkin, mustaqil jurnalistika tarixini tahlil qiladi. Haqiqatni bilish naqadar qiyin jarayon ekanini yoritadi. Demokratiya qanchalik murakkab tuzum ekanini uqtiradi.

Yana bir asar “Yaxshi pochtachi” deb nomlangan, bolgar hujjatli filmi. Tonislav Xristov ijodiy namunasi.

“Kichik bir shahar hayoti haqida… Suriyadan kelayotgan qochqinlar uning tinchligini buza boshlaydi. Ularni kiritasizmi yoki haydashadimi? Olqishlaysizmi yoki urib solasizmi? Yevropa va Amerikada yangrayotgan savollarga mana shu shahar misolida javob olasiz”, - deydi Gittens.

Festivaldagi bir necha filmlar ijtimoiy-madaniy jihatdan yakkalanib qolgan odamlarga ham nazar tashlaydi. Olis orollardagi jamoalardan tortib, zich aholi orasida yashayotgan ajnabiylargacha… Insoniyatning bugungi kuni.

“To’y” degan kartina pokistonlik muhojirlarning Fransiyadagi turmushi, xususan oilaviy masalalari haqida. Qizingiz begona elat va din vakilini tanlasa, nima qilasiz? Kartina bir oila boshdan kechirgan voqealarni aks ettiradi.

“Inson” deb nomlangan film esa Yan Artus Bertrand tomonidan ishlangan. Odam va borliq, tabiat va mavjudotlar orasidagi aloqa va tobelikni muhokama qiladi. Kinematografik jihatdan eng yetuk kartina shu, deydi festivaldagi har bir asarni ko’rib chiqqan san’atshunoslar. Bu hujjatli filmdagi har bir ko’rinish xilma-xillik bilan bo’yalgan.

“Dunyo, kurrai zamin, atrof-muhit, odamlar talabi, iqtisod, manfaatlar. Bir tomondan insonlar har xil, lekin yaqinroq nazar tashlasangiz, bir-birimizni yaxshiroq tinglasak, bilasizki, istak va niyat bir”, - deydi Toni Gittens.

Tomosha qilishga arzigulik asarlar juda ko’p. Festivalda ko’rsatilayotgan filmlarning ko’pi allaqachon katta ekranda, qolganlari esa muxlis izlamoqda va ularni kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG