Breaking News

Finlyandiya NATOga qo'shilishga ariza berish arafasida


Finlyandiya shu hafta oxirida NATOga a’zo bo’lish qarorini e’lon qilishi kutilmoqda. Mamlakat prezidenti va bosh vaziri bunga rozi, rahbariyat qonunchilar fikrini ham bilmoqchi. Qo’shni Shvetsiya ham o’z qarorini shu kuni ma’lum qilmoqchi.

Xalqaro hayot - 12-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:48 0:00

Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinisto va Bosh vazirasi Sanna Marinning qo’shma bayonotda aytishicha, NATOga a’zolik Finlyandiya mudofaasini kuchaytiradi.

Alyans rahbariyati har ikki mamlakat arizasini tezkor ravishda ko’rib chiqishga so’z bergan.

Bir yil oldin finlyandiyaliklarning katta qismi NATOga qo’shilish g’oyasiga qarshi edi, biroq Rossiya Ukrainada urush boshlashi ketidan jamoatchilik fikri tubdan o’zgardi.

Tahlilchi Xeli Xautalaning aytishicha, urushdan oldin Finlyandiya siyosati Rossiya bilan do’stona aloqada bo’lishni taqozo etgan, biroq hozir ishonchga putur yetgan.

"Finlyandiya NATOga a’zo bo’lsa, Boltiq dengizi mintaqasi va Yevropa shimoli xavfsizligi va barqarorligi kuchayadi”, - deydi bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto.

Kremlning bildirishicha, Finlyandiyaning NATOga qo’shilishi Rossiya uchun tahdiddir va Moskva alyansning o’z chegarasi bo’ylab yanada kengayishiga qarshi chora ko’rishga majbur bo’ladi.

"NATOning kengayishi qit’amizni barqarorroq va xavsizroq qilmaydi. Finlyandiya Rossiyaga nisbatan “nodo’stona qadamlar” qo’ymoqda”, - dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishdan oldin bu mamlakatning NATOga qo’shilish niyati va istiqbollarini o’ziga tahdid hamda urush boshlashga asos deb ko’rgan.

Finlyandiya va Rossiya 1340 kilometrlik chegaraga ega.

1939-yil noyabrida Ikkinchi jahon urushi boshlanishi ketidan Sovet Ittifoqi Finlyandiyaga hujum qilib, katta talafot ko’rgan edi. Shunga qaramay, Finlyandiya hududining 10 foizidan voz kechishga majbur bo’lgan.

Natsistlar Germaniyasi 1941-yil iyunida Sovet Ittifoqiga hujum qilishi ketidan Germaniya tarafini olgan Finlyandiya sovetlar bilan yana to’qnashib, uch yildan so’ng mag’lub bo’ladi.

O’sha urushda ishtirok etgan faxriylar NATOga qo’shilish g’oyasini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Ukrainada urush boshlanishi bilan ruslar haqida fikrimiz butunlay o’zgardi. Bu NATOga qo’shilish masalasiga ta’sir qildi. Shaxsan men alyansga a’zo bo’lishimiz kerak degan fikrdaman. A’zolik xavfsizligimizni ta’minlaydi”, - deydi Finlyandiyadagi 4000 ga yaqin urush faxriylaridan biri Unto Xakuli.

“NATOga qo’shilsak, xavfsizlik masalasida yelkamiz ancha kengayadi. Rossiya bunga salbiy qaraydi, albatta. Ammo Boltiq davlatlari, Polshani oladigan bo’lsak, ular NATOda bo’lgani uchun biror zarar ko’rmagan”, - deydi 94 yashar yana bir faxriy Tapio Niyemi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG